Qochoq Prezident Bakiyevning uyi shifoxonaga aylantirildi

Olam

image

Kecha, 29 dekabr kuni Bishkekda sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevga tegishli bo‘lgan uyda ochilgan “Kelechek” nogiron bolalar reabilitatsiya markazi rasman ishga tushdi. 

Marosimga Prezident Sadir Japarov keldi. U o‘zining qutlov nutqida nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat hayotiga keng jalb etish choralari ko‘rilayotganini ta’kidladi. 

"Hozirda respublikada 200 mingdan ortiq nogiron fuqarolar istiqomat qiladi, ularning 36 mingga yaqini bolalardir. Imkoniyati cheklangan bolalar sifatli ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va sportga muhtoj. Shuning uchun biz imkoniyatlar yaratishimiz kerak. Bugun ochilgan reabilitatsiya markazi yosh bemorlarning jismoniy va ruhiy salomatligini tiklashga qaratilgan”, deydi davlat rahbari. 

Unga ko‘ra, markaz 100 nafar bolaga mo‘ljallangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyi o‘rtalarida Qirg‘iziston hukumati sobiq Prezidentlar Qurmanbek Bakiyev va Almazbek Atamboyevning qasrlarida kecha-yu kunduz ishlaydigan bolalar reabilitatsiya markazlari ochilishini ma’lum qilgan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, 2010 yilning 7 aprelida Qirg‘izistonda inqilob bo‘lib o‘tdi, natijada mamlakatning ikkinchi Prezidenti Qurmanbek Bakiyev taxtdan ag‘darilib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Prezidentni qo‘llab-quvvatlayotgan harbiy xizmatchilar va muxolifat tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 80 dan ortiq odam halok bo‘ldi, bir necha yuz kishi jarohatlandi.  

Jinoyatlari uchun vatanida sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Bakiyev qochib ketganidan so‘ng Qirg‘izistonda hokimiyat Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tdi. Hozirda Qirg‘izistonning ikkinchi Prezidenti Minskda istiqomat qiladi.  

Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev esa birinchi marta 2019 yilning avgustida hibsga olingan. Keyinchalik unga bir nechta ayblovlar qo‘yildi, jumladan yerlarni taqsimlashda korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillikka urinish va hokazo. U bir necha oy oldin sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan tibbiy shifoxonaga ega bo‘lgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgan. 

Koloniyadagi tibbiy axloq tuzatish muassasasi bosh shifokori sobiq Prezident to‘liq ko‘rikdan o‘tishi va davolanishi zarurligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

182

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing