Qirg‘iziston sobiq Prezidentlarining qasrlari bolalar reabilitatsiya markaziga aylantiriladi
Olam
−
18 avgust 2022
10372Qirg‘izistonning sobiq Prezidentlari Qurmanbek Bakiyev va Almazbek Atamboyevning qasrlarida kecha-yu kunduz ishlaydigan bolalar reabilitatsiya markazlari ochiladi. Bu haqda “24.kg” mamlakatning Mehnat, ijtimoiy himoya va migratsiya vazirligi Matbuot xizmatiga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qirg‘izistonda 200 mingga yaqin nogironlar istiqomat qiladi, ulardan 35 ming nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.
“Mamlakatimizda barcha nogironlarni reabilitatsiya xizmatlari bilan to‘liq ta’minlashda qiyinchiliklar mavjud. Shu bois, sobiq Prezidentlar Qurmanbek Bakiyevning Jibek Jolu prospektidagi uyi va Almazbek Atamboyevning davlat mulkiga o‘tkazilgan Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyida tun-u kun ishlaydigan bolalar reabilitatsiya markazlari ochiladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, 2010 yilning 7 aprelida Qirg‘izistonda inqilob bo‘lib o‘tdi, natijada mamlakatning ikkinchi Prezidenti Qurmanbek Bakiyev taxtdan ag‘darilib, mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Prezidentni qo‘llab-quvvatlayotgan harbiy xizmatchilar va muxolifat tarafdorlari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 80 dan ortiq odam halok bo‘ldi, bir necha yuz kishi jarohatlandi.
Jinoyatlari uchun vatanida sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan Bakiyev qochib ketganidan so‘ng Qirg‘izistonda hokimiyat Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tdi. Hozirda Qirg‘izistonning ikkinchi Prezidenti Minskda istiqomat qiladi.
Qirg‘izistonni 2011 yildan 2017 yilgacha boshqargan Atamboyev esa birinchi marta 2019 yilning avgustida hibsga olingan. Keyinchalik unga bir nechta ayblovlar qo‘yildi, jumladan yerlarni taqsimlashda korrupsiya, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish, qotillikka urinish va hokazo. U bir necha oy oldin sog‘lig‘i yomonlashgani sababli, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining tergov izolyatoridan tibbiy shifoxonaga ega bo‘lgan 47-sonli axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgan.
Koloniyadagi tibbiy axloq tuzatish muassasasi bosh shifokori sobiq Prezident to‘liq ko‘rikdan o‘tishi va davolanishi zarurligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15