“Qizil chiroqda o‘tgan iflos haydovchini qarg‘anglar”. Andijon viloyat IIB YHXB boshlig‘idan yangi “tajriba” (video)
Jamiyat
−
10 Sentabr
17279Andijon shahridagi maktablar oldida qizil chiroqda o‘tgan va piyodalarga yo‘l bermagan haydovchilar o‘sha maktablarda o‘tkazilgan yig‘ilishlar vaqtida o‘quvchi va o‘qituvchilar oldida izza qilingan. Bu haqda Andijon viloyat IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Abdunabi Nosirov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Hozir bor kuchimiz bilan ishlayapmiz. YTH sodir bo‘lsa, maktablarga borib muhokama qilamiz. Mana shaharda Chorguzardagi 10-maktab direktori 2-3 marta internetga chiqdi. O‘zim bordim: maktab oldidagi yo‘lga yotiq to‘siqlar qilib berdik, xodimlar bo‘yicha ishladik.
Bitta tajriba qildik: maktab oldidagi svetofor oldiga xodim qo‘ydim. Qizil chiroqdan o‘tgan haydovchini ertalab maktab o‘quvchilarining umumiy yig‘ilishiga olib bordim-da, hamma bolalarni chaqirib, “Mana, kecha qizil chiroqda o‘tgan iflos haydovchi, mana shuni qarg‘anglar”, deb o‘qituvchilar bilan ijtimoiy tarmoqlarga ham chiqardim. Qizilda o‘tganning 2-3 tasini olib, ertalab maktab o‘quvchilarining umumiy yig‘ilishiga olib boraman. O‘zim erinmasdan boraman. Shunday qilib olib chiqdik, kamaydi”, deydi Abdunabi Nosirov.
Shuningdek, uning ta’kidlashicha, yo‘nalishdagi Damas haydovchilari pulning orqasidan quvib, qarama-qarshi yo‘nalishdan yurib, bir-ikkita bolani urib ketgan.