“Qizil bayroq” va “yashil bayroq” tushunchalari nimani anglatadi?
Tahlil
−
15 mart 2025 20117 6 daqiqa
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalayotgan atamalar qatorida “qizil bayroq” va “yashil bayroq” ham bor. Ba’zida ularning noto‘g‘ri qo‘llanishi oqibatida ko‘pchilik bu tushunchalarga shoshmashosharlik bilan “qizil bayroq ko‘tarmoqda”. Maqolada asli ikki jins vakillari o‘rtasidagi munosabatlarni baholashda foydalaniladigan ushbu atama, uning mazmun va misollari haqida so‘z boradi.
Bunday “bayroqlar” qanday paydo bo‘lgan?

Ushbu metaforalar dastlab yo‘l harakati signal tizimidan kelib chiqqani aytiladi. Buni qizil chiroq harakatni to‘xtatish kerakligini, yashil chiroq esa xavfsiz davom etish mumkinligini anglatishi asosida ishlab chiqilgan qarashlar deyish mumkin. Bu tizim munosabatlar va ruhiy salomatlik kontekstida juda tez ommalashdi. Ayniqsa, psixolog va kouchlar odamlarning sog‘lom va nosog‘lom xatti-harakatlarini ajratishda ulardan keng foydalanishni boshladi. Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda ommalashib ketgan va hozirda O‘zbekistonda ham kengaymoqda. Xo‘sh, o‘zi bu ikki "bayroqli tushunchalar" nimani anglatadi?
“Qizil bayroq” – xavfli signallar

Ma’lumki, barcha zamonlarda qizil rangdan ogohlantiruvchi belgi o‘laroq foydalanilgan. Shundan kelib chiqib, bu ibora munosabatlarda tomonlarning salbiy xatti-harakatlari yoki hissiy zarar yetkazish ehtimolini ifodalaydi. Xorijiy nashrlarda yozilishicha, ko‘pgina sifatlarni “qizil bayroq” deb hisoblash mumkin. Quyida ularning bir qanchasi misol tariqasida keltiriladi:
- Manipulyatsiya – hamma narsani o‘ziga bo‘ysundirish, sherikning qarorlariga ta’sir o‘tkazish.
- Haddan tashqari rashk va nazorat – doimiy ishonchsizlik, shaxsiy chegaralarni bosib o‘tish.
- Haddan tashqari tez yaqinlashish – qisqa vaqt ichida chuqur munosabat o‘rnatishga undash.
- Kommunikatsiya muammolari – muammolarni ochiq muhokama qilmaslik, gaplashish o‘rniga jim bo‘lib yurish yoki agressiv javob qaytarish.
- Haddan tashqari tanqid va hurmatsizlik – sherikning his-tuyg‘ularini nazarga ilmaslik, kamsitish.
- O‘z xatosini tan olmaslik – muammolar uchun doim boshqalarni ayblash.
- Passiv tajovuz – doimiy shikoyat qilish, lekin muammoni hal qilishga intilmaslik.
“Qizil bayroq”lar e’tiborsiz qoldirilsa, kelajakda jiddiy muammolar kelib chiqishi mumkin.
“Yashil bayroq” – sog‘lom munosabat belgilari

Yashil va qizil ranglari svetoforda qanday qarama-qarshi ma’noga ega bo‘lsa, “yashil bayroq” ham “qizil bayroq”ning shunday teskarisidir. U sherikning ijobiy fazilatlarini, masalan, mehribon yoki e’tiborliligini bildiradi. Amerikalik psixolog Marshall Bertram Rozenberg o‘zining “Zo‘ravonliksiz kommunikatsiya” kitobida quyidagi kabilarni “yashil bayroq” sifatlar deb ataydi:
- Ochiq va samimiy muloqot – fikr almashish va tushunish istagi.
- O‘zaro hurmat – sherikning shaxsiy chegaralarini qadrlash.
- Ishonch va sadoqat – shubha va ortiqcha rashkdan holi bo‘lish, bir-biriga ishonish.
- Qo‘llab-quvvatlash – sherikning shaxsiy rivojlanishi va orzulariga yetishida qo‘llash.
- To‘g‘ri tanqidni qabul qilish – o‘z xatolarini tan olish va ulardan saboq chiqarish.
- Hissiy barqarorlik – mojarolarni his-tuyg‘ularni boshqarib, hal qilish.
“Parents” nashriga ko‘ra, ba’zi ota-onalar bu atamani tarbiya vositasi sifatida qo‘llab, farzandiga qanday bo‘lish kerakligi haqida o‘rgatadi.
An’anaviy qarash va zamonaviy tushunchalar to‘qnashuvi

O‘zbekistonda “qizil bayroq” va “yashil bayroq” tushunchalari hali keng ommalashmagan bo‘lsa ham, ularning qo‘llanilishi ortib bormoqda. Lekin ko‘p hollarda munosabatlar oilaviy qadriyatlar asosida baholanadi. Ko‘pchilik “qizil bayroq”lar ro‘yxatidagi ba’zi holatlarni oddiy qabul qiladi. Bunday belgilar ko‘rinib tursa ham, ijtimoiy bosim kabi sabablarga ko‘ra, ularni e’tiborsiz qoldiradi.
Shu bilan birga, bir qancha blogerlarning bilib-bilmay, mazkur tushunchalarni xato qo‘llashi, ko‘rsatishi yoki haddan oshirishi oqibatida o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida bir qancha noto‘g‘ri qarash va bunday tushunchalarga nisbatan toqatsizlik paydo bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Xuddi shunday holat “feminizm” va “gender tengligi” tushunchalarida ham uchraydi. Ya’ni boshqalarga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan shaxs (bir qancha media vakillari, bloger, psixolog va kouch)larning bunday atamalarni noto‘g‘ri yoki bo‘rttirilgan holda talqin qilishi kuzatuvchilarda toqatsizlik kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, “Huffpost” nashrida keltirilishicha, global miqyosda mazkur atamalar borasida quyidagicha noto‘g‘ri qarashlar shakllangan:
“Qizil bayroq”– darhol tark etishni anglatadi. Aslida, bu tark etish kerak degani emas, ogohlantirishdir. Ko‘pincha muammo gaplashib olish va tushunish orqali hal qilinishi mumkin. Muhimi – sherikning muammoni tan olib, uni tuzatishga tayyormi yoki yo‘qligini bilish.
Har bir kichik kelishmovchilik – “qizil bayroq”. Narigi tomon bir marta yoqmaydigan gapni aytishi yoki xatoga yo‘l qo‘yishi bu darhol “qizil bayroq” bo‘lib qolmaydi. Odamlar ideal emas, kamchiliklar hammada bor. Muhimi – bu xatolar muntazam takrorlanadimi, ularni to‘g‘rilashga harakat qilinyaptimi yoki yo‘qligini bilish.
“Yashil bayroq” – ideal munosabat! “Yashil bayroq” munosabatlarda hech qachon muammo bo‘lmasligini anglatmaydi. Har qanday munosabatda tushunmovchilik va kelishmovchiliklar bo‘lishi tabiiy. Muhimi – muammolar qanday hal qilinishi va sherikning hurmat saqlay oladimi yoki yo‘qligini bilish.
Ijtimoiy tarmoqlardagi “qizil bayroq”lar hamma uchun mos! Juftingizda blogerlar sanagan “qizil bayroq” belgilari borligi sizning noto‘g‘ri munosabatda ekaningizni anglatmaydi. Har bir insonning o‘z dunyoqarash va qadriyatlari mavjud. Masalan, kimdir rashkni “qizil bayroq” deb hisoblashi, boshqalar esa buni bo‘lishi lozim hissiyot deb qabul qilishi mumkin. Muhimi – chegaralarni belgilash orqali muammoni hal qilish.
“Oltin o‘rtalik” qayerda?

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bir kishida bir necha “qizil va yashil bayroq”lar bo‘lgani holda, uning shaxsiyatini qanday aniqlash mumkin? Bu savol munosabatlarda muvozanatni tushunish uchun juda muhim hisoblanadi. Har bir insonda yaxshi va yomon xislatlar bo‘lishi tabiiy. Muhimi, “qizil va yashil bayroq”lar qanchalik jiddiy, muntazam va o‘zaro ta’sirchan ekanligini baholashdir.
"BetterUp" platformasi kouchlari bunda hammasi bayroqlarning ahamiyatiga bog‘liqligini aytadi. Masalan, agar kimdir 3-4 ta “yengil qizil bayroq”ga ega bo‘lgani holda ularni tushunish va o‘zgartirishga tayyor bo‘lsa, munosabatlar sog‘lom bo‘lishi mumkin. Ammo agar bitta va juda “jiddiy qizil bayroq” bo‘lsa (masalan, zo‘ravonlik yoki mutlaqo hurmatsizlik) “yashil bayroq”lar qancha bo‘lishidan qat’i nazar, bu uzoq o‘ylab ko‘rilishi kerak bo‘lgan ogohlantiruvchi signal hisoblanadi.
Yoki bo‘lmasa “yashil bayroq”larni olsak, sherikda bunday belgilarning ko‘pligi ideal munosabatlarni kafolatlamaydi. Masalan, u sadoqatli, g‘amxo‘r va saxiy bo‘lishi, lekin shu bilan birga, juftini manipulyatsiya qilishi yoki shaxsiy qarashlarini hurmat qilmasligi ham mumkin.
Shuningdek, aytib o‘tish mumkinki, “qizil bayroq” va “yashil bayroq” belgilari universal emas. Har bir shaxsning individual qarashlaridan kelib chiqishi ham mumkin. Agar tomonlar o‘zaro kamchiliklarni to‘g‘ri qabul qilgani holda, bir-birini hurmat qilsa, har qanday muammoni hal qilish mumkin.
Qolaversa, boshqalardan “yashil bayroq” axtarib, ideallikni qidirishdan ko‘ra, shunday talablarni o‘z-o‘ziga nisbatan qo‘yish va komillikka intilish ko‘proq foydali bo‘ladi. Lekin bu degani “yaxshi munosabatga loyiq bo‘lishing kerak” degan toksik qarashlarni keltirib chiqarmasligi lozim.
Live
Barchasi