“Qiz ko‘rgandim, o‘g‘il berishdi”. Kosondagi tug‘uruqxonada nimalar bo‘lgan edi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida joylashgan tug‘uruqxonada bir ayolning qiz farzand ko‘rgani, ammo unga emizgani o‘g‘il bola berishgani haqida ovozli xabarlar paydo bo‘ldi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mazkur masalaga oydinlik kiritdi.

Boshqarma axborot xizmatining ma’lum qilishicha, Koson tumani tug‘uruqxonasida joriy yilning 30 may kuni Muborak tumanidan deb aytilayotgan Zilola Xolnazarova ismli ayol qiz farzand ko‘rgan. Uning arz qilishicha, “hamshiralar mas’uliyatsizlik qilib, unga emizgani boshqa bolani berishgan. Bundan tashqari, u tug‘uruqxona shifokorlariga 400 000 so‘m pul ham bergan”. 

O‘rganish jarayonida mazkur radiointervyu sahnalashtirilgani aniqlandi. Chunki mazkur tug‘uruqxonada ko‘zi yorigan ayollar ichida muboraklik Zilola Xolnazarova ism-sharifli ayol aslo bo‘lmagan.

“Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 29 may kuni soat 18:55 da Muborak tumanidan 2000 yilda tug‘ilgan Zilola Xonniyozova homiladorlik I, tug‘uruq I, 40 haftalik, muddatdagi tug‘uruq tashxisi bilan keltirilgan. Shu kuni soat 20:00 da qiz farzandni dunyoga keltirgan”, deyiladi xabarda.

Zilola Xonniyozova bilan o‘tkazilgan suhbatda u hech qanday OAVga yuqoridagi mazmunda intervyu bermaganini, Koson tumani tug‘uruqxonasi shifokorlariga hech qanday e’tirozi yo‘qligini, yuqoridagi radiointervyudagi ovoz uniki emasligini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1611

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing