Qiz bola turmushga chiqdi degani, ota-onasi o‘ldi degani emas
Jamiyat
−
29 aprel 2021
14930Bismillahir rohmanir rohiym. Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) ga salotu durudlarimiz bo‘lsin. Assalomu alaykum va rahmatullohu va barokatuh.
Azizlar, bu galgi suhbatimizni bizga yetib kelgan bir maktub bilan boshlasak.
“Men taqvodor oilada katta bo‘lmaganman. Lekin oilamda yaxshi tarbiya ko‘rganman. Ota-onam esa dinga endi amal qilib kelishmoqda. Men axloqli va taqvodor odam bilan turmush qurishni orzu qilardim. Erga tekkanimdan keyin turmush o‘rtog‘imga mehr berdim, uning xizmatida bo‘ldim va oilamiz yaxshi bo‘ladi, deb umid qilardim. Men erimga muhabbat qo‘ydim va Alloh taolo bizga ketma-ket ikki yil ichida ikkita farzand berdi. Ammo orzu-umidlarim tez orada puchga chiqdi. Turmush o‘rtog‘im tomonidan juda ko‘p tazyiqlarga uchradim. Eng yomoni esa erim o‘zini va oilasini ustun hisoblab, meni oilamga nisbatan ta’nalari oshib ketdi. Deyarli har kuni, har suhbatda mening ota-onamni tahqirlab, masxara qilib, ustidan kulardi. Shundan keyin meni ko‘nglim soviy boshladi. Yana bir eng alam qiladigani: ota-onamni ko‘rishga ruxsat bermasdi. Bir yildan oshiq vaqt mobaynida yaqinlarim bilan ko‘risholmadim. Erimning o‘zi ko‘chaga chiqadigan bo‘lsa, meni ustimdan qulflab ketardi. Ota-onam sog‘inib meni ko‘rgani kelishsa, uyga kiritmasdi. Derazadan gaplashardik. Keyinchalik hattoki shunga ham ruxsat bermay qo‘ydi. Ota-onamni quvib soldi. Derazadan ham gaplashmay qo‘ydik. Endi bo‘lsa, meni jinnilikda ayblashyapti. Ajrashmoqchiman, lekin jinnilikni bo‘ynimga “ilib” farzandlarimni olib qo‘yishlaridan qo‘rqaman. Chiday desam, chidaydigan holat ham emas. Bu haqoratlardan to‘yib ketdim”, deya yozmoqda.
Hozirgi kunda ko‘p oilalarimizda ayolga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lishmoqda. Avvalo, bu munosabatning negizini o‘rganadigan bo‘lsak, erkak kishi tomonidan ayol kishini bir mulk sifatida ko‘rilishidir. Qo‘polroq qilib aytsak, ayolni cho‘ri o‘rnida ko‘rishadi. Cho‘ri deganda faqat mehnatga undab ishlatishni tushunmasligimiz kerak. Ayolning huquqlari olib qo‘yilishini tushunishimiz lozim. Ayolni tahqirlash, ma’naviy ozor yetkazish va odam o‘rnida ko‘rmaslik kabi holatlar, afsuski, ko‘payib bormoqda. Bunday holatlar shar’an ham, qonunan ham, odamgarchilik jihatdan ham xatodir.
Avvalgi suhbatlarimizda aytganimizdek, erga xizmat qilish vojibdir. Ammo oilada ayolning ham, erkakning ham o‘z o‘rni bor. Erkak kishi oilada rahbardir. Rahbarlik “Oiladagi hamma narsa meni qo‘limda, xohlaganimcha tasarruf qilaman”, deyish emas. Ayolning eridan ko‘ngli qolganidan keyin uning xizmatini qilgisi va birga yashagisi kelmaydi. Eng yomoni esa ba’zi erlar ayolni ota-onasi bilan ko‘rishishdan ham mahrum qiladi. To‘g‘ri, erkaklarni o‘z ayollarida haqqi bor. Ammo ayollarning ham o‘zlariga yarasha huquqlari bor. Qiz bola turmushga chiqdi degani – bu ota-onasi o‘ldi degani emas. Ayol kishi garchi turmushga chiqib ketsa-da, ota-onasi oldida majburiyatlari bo‘ladi. Ularni ziyorat qilishi kerak. Bundan erkak kishi hech qachon mahrum qila olmaydi.
Hozirda ayrim erkaklar xotini gapiraman deyishi bilan baqirib, uni eshitgisi ham kelmaydi. Ko‘p ayollar o‘tirib eri bilan dildan suhbat qila olmasligi, biror masalada maslahatlasha olmasligi haqida ham aytib qolishadi. Endi bu mavzu haqida gapiradigan bo‘lsak, “Ayollarning o‘zi unaqa, o‘zi bunaqa”, deb holatni noto‘g‘ri talqin qilishadi. Yo‘q, avvalo eng katta tarbiyachi– erkak kishidir. Erkak kishi har narsaga baqirib janjal qilsa yoki xotinini eshitishni bilmasa, ayol kishi qo‘rqqanidan yo bekitib ish qila boshlaydi yoki u ham eri bilan janjal qiladi. Buning oqibatida esa ko‘ngilsiz holatlar kelib chiqadi. Shu sababli ham erkaklar o‘zlarining ayollariga qilayotgan munosabatini shar’iy jihatdan taroziga qo‘yishlari hamda xato va nuqsonlarini tuzatishlari lozim. Ayol kishiga “U mening mulkim”, degan nazar bilan qaramasligi lozim. Ayol ham shaxs. U ham inson. Alloh taolo barchamizning holatimizni O‘zi isloh qilsin.
Odinaxon Muhammad Sodiq
LiveBarchasi