Qisqa videolar miyaga alkogol kabi zararli – tadqiqot

Salomatlik

image

Tyanszin pedagogika universiteti olimlari TikTok va Instagram’dagi qisqa videolarga haddan ortiq berilib ketish nafaqat hordiq bag‘ishlashini, balki miyaning ishlashini ham salbiy tomonga o‘zgartirishini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “NeuroImage” jurnalida e’lon qilindi.

Olimlarning aniqlashicha, qisqa videolarni faol tomosha qiladigan insonlarda miyaning “mukofot” tizimi – spirtli ichimlik iste’molida yoki qimor o‘yinlarida faollashadigan neyron zanjirlar kuchayadi. Bunda impulsivlik, diqqatni jamlash va hissiy regulyatsiyaga mas’ul bo‘lgan hujayralardagi aloqalar o‘zgaradi. Ya’ni, miya “dopaminga haddan tashqari to‘yintiriladi” va oddiy zavq manbalariga yomonroq javob qaytara boshlaydi.

Buning oqibatida kitob o‘qish, kechki ovqat yoki odamlar bilan suhbat qisqa videorolikdan kamroq jozibador tuyulishi mumkin. Bu esa odatda qaramlik shakllanishi mexanizmini eslatadi – qondirilish uchun tobora kuchliroq stimul kerak bo‘ladi.

Ayniqsa, miyaning qaror qabul qilish va diqqat markazlashuviga javobgar prefrontal qobig‘i zarar ko‘radi. Tezkor, yorqin stimullarning ortiqcha oqimi insonning bir vazifaga e’tibor qaratishiga, ma’lumotni yodda saqlashiga va impulslarini nazorat qilishiga xalaqit beradi. Neyrobiologlarning aytishicha, bu kabi o‘zgarishlar spirtli ichimliklarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish ortidan kuzatiladigan kognitiv buzilishlarga o‘xshaydi. 

Tadqiqotchilar kechasi TikTok yoki Reels tomosha qilish xavfiga alohida e’tibor qaratmoqda. Ekranning yorqin nuri va hissiy jihatdan kuchli kontent sirkadiy ritmini (inson organizmidagi 24 soatlik biologik vaqt) buzadi, melatonin ishlab chiqilishini sekinlashtiradi va organizmni uyqu bosqichiga o‘tishiga xalaqit beradi. Bu esa xotira va o‘rganishga javobgar gipokamp faoliyatida aks etadi. Oqibatda, inson yangi ma’lumotni yomonroq o‘zlashtiradi va hatto yetarli soat uxlasa ham ertalabki “xiralik”ni his qiladi.

Mutaxassislar platformalardan ongli foydalanishni maslahat bermoqda. Xususan, ekran oldida o‘tkaziladigan vaqtni cheklash, tanaffuslar qilish, onlayn faollikni rangba-rang qilish. Bunday raqamli “gigiyena” tafakkur ravshanligi va ruhiy salomatlikdan voz kechmagan holda ko‘ngilochar materiallardan bahramand bo‘lish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ChatGPT kabi sun’iy intellektga asoslangan chat-botlar bilan muloqot ba’zi foydalanuvchilarda real haqiqatni qabul qilishda og‘ir buzilishlarga olib kelgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Instagram TikTok Tyan'tszin' pedagogika universiteti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing