Qishloq xo‘jaligida klaster va kooperatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga 30,3 mln dollar ajratiladi – Prezident qarori

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokida “qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi ijrosini ta’minlash, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni kengaytirish asosida qishloq aholisi bandligi va daromadini oshirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4021-son qaroriga asosan:

a) “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) doirasida 2020 yil 4 avgustda O‘zbekiston Respublikasi va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi o‘rtasida qo‘shimcha 46,2 million AQSH dollari miqdoridagi kredit, shuningdek, 800 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari bo‘yicha qarz bitimining (keyingi o‘rinlarda – qarz bitimi) imzolanganligi;

b) Loyihani amalga oshirish doirasida:

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining krediti hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) va transport vositalari bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari), qo‘shilgan qiymat solig‘idan va yig‘imlardan;

ishtirok etayotgan jismoniy shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari daromadlari jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqdan ozod qilinganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qarz bitimiga muvofiq Loyiha doirasida jalb etiladigan qo‘shimcha qarz mablag‘lari quyidagilarga yo‘naltirilishi belgilansin:

qishloq xo‘jaligida diversifikatsiya qilishni moliyalashtirish bo‘yicha kredit ajratish uchun – 39,8 million AQSH dollari. Bunda klaster va kooperatsiyalar hamda ularga a’zo bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlashga – 30,3 million AQSH dollari, yoshlar va ayollar uchun – 5 million AQSH dollari miqdorida, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 4,5 million AQSH dollari miqdorida kreditlar ajratiladi;

irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish uchun – 3,1 million AQSH dollari. Bunda o‘rmon fondi yerlarida tik quduq qazish va nasos o‘rnatish orqali suv chiqarishga 2 million AQSH dollari sarflanadi;

qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiya va agroxizmatlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha – 4,1 million AQSH dollari.

3. Quyidagilar:

“Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asoslanuvining asosiy ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

“Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasiga jalb etiladigan qo‘shimcha moliyalashtirish doirasida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining qarz mablag‘larini so‘ndirish, foiz va komissiya to‘lovlarini amalga oshirish prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi Loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini hamda natijadorligini ta’minlaydi;

Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari zimmasiga kredit liniyasini boshqarish, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi qarzining o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini ta’minlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hisobot va monitoringni yuritish vazifalari yuklanadi.

5. Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining 35 325 000 AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘larining qaytarilishi to‘liqligicha Loyiha doirasida tijorat banklariga qayta kreditlanadigan mablag‘larning qaytarilishi hisobidan hamda qolgan 10 875 000 AQSH dollari miqdoridagi qarz mablag‘larining qaytarilishi O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan amalga oshiriladi.

6. Loyiha doirasida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasining qarz mablag‘larini qayta kreditlash bitimlarida subsidiar qarzning foiz stavkasi “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi qarz mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga asosan belgilansin.

7. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga bir oy muddatda “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasiga jalb etiladigan qo‘shimcha moliyalashtirish mablag‘lari doirasida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi qarz mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish hamda Moliya vazirligi va Markaziy bankka tasdiqlash uchun kiritish vazifasi yuklatilsin.

8. Moliya vaziriga Loyiha doirasida Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi qarz mablag‘lari bo‘yicha qayta moliyalashtirish bitimlarini, shuningdek, zaruriyatga ko‘ra, ularga tegishli o‘zgartirishlarni imzolash vakolati berilsin.

9. Tashqi ishlar vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga kirish vizalari tez fursatlarda rasmiylashtirilishini ta’minlasin.

10. Ichki ishlar vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligining buyurtmanomalari bo‘yicha Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirilishi, berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilishi va muddati uzaytirilishini tez fursatlarda ta’minlasin.

11. Hisob palatasi Loyiha doirasidagi mablag‘larning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

12. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Loyiha doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.

13. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:

a) qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayev:

bir hafta muddatda mas’ul ijrochilar ishtirokida majlis o‘tkazib, ularning aniq vazifalarini belgilab bersin;

ikki hafta muddatda Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda Loyiha doirasida mablag‘lardan foydalanish bo‘yicha hududlar kesimida “Yo‘l xarita”larini tasdiqlasin;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Vafayev), Moliya vazirligi (Ergashev), Markaziy bank (Xolxujayev) bilan birgalikda bir oy muddatda Loyihani amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan xodimlar uchun xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ikki kunlik seminar tashkil qilsin;

moliyalashtirilgan subloyihalar to‘g‘risida, shuningdek, ularning sifatli amalga oshirilishi ustidan monitoring natijalari yuzasidan har chorak yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga ma’lumot kiritib borsin;

b) Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlari hokimliklari bir oy muddatda Loyiha doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan tashabbuskorlar ishtirokida taqdimotlar o‘tkazsin;

v) qishloq xo‘jaligi vaziri J.Xodjayev:

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida sohaning yetuk mahalliy mutaxassislaridan iborat bo‘lgan ilmiy-texnik kengashni shakllantirib, u tomonidan Loyihaning komponentlari doirasidagi texnik topshiriqlar amalga oshirilishi, hujjatlarning ko‘rib chiqilishi va dastlabki xulosa berilishini;

qishloq xo‘jaligida bilim, innovatsiyalar va agroxizmatlar tizimi doirasida ilmiy-tadqiqot va innovatsiya yo‘nalishlariga mablag‘larni ajratishda sohani rivojlantirishning ustuvor vazifalariga muvofiqligi, iqtisodiy samaradorligi va asoslanganligiga alohida e’tibor qaratilishini;

Loyihani amalga oshirishda qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalarini keng jalb qilib, amaliy seminar va o‘quv kurslari tashkil etilishini;

Loyiha doirasida iqtisod qilingan mablag‘larni moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqib, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi bilan kelishgan holda qayta taqsimlanishini ta’minlasin.

Qishloq xo‘jaligi vaziriga, zarur hollarda, ushbu qarorning 1 va 3-ilovalari bilan tasdiqlangan Loyiha texnik-iqtisodiy asoslanuvining asosiy ko‘rsatkichlari hamda “Yo‘l xaritasi”ga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqi berilsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4021-son qaroriga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.

15. Qishloq xo‘jaligi vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari J.A.Qo‘chqorov va O‘.I.Barnoyev zimmalariga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2020 yil 15 sentyabr


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

10

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing