“Xayr -ov, -yeva”. Qirg‘izistonliklar endi ruscha familiyalardan voz kechishi mumkin
Olam
−
06 fevral 2025 10948 2 daqiqa
Qirg‘iziston Jogorku Keneshida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida deputatlar milliy an’analar va tarixiy merosni aks ettiruvchi familiyalarning yangi imlo variantlarini joriy etishni uchinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Qonun loyihasi mualliflaridan biri, deputat Mirlan Samemko‘joning tushuntirishicha, hujjat fuqarolarning oxiri ruscha bo‘lmagan familiyalarni tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun ishlab chiqilgan. Aytish joizki, familiya va ota ismining amaldagi imlosi saqlanib qoladi. -ov, -yev, -vich, -vna qo‘shimchalari qoladi, ular faqat fuqarolarning iltimosiga binoan o‘zgartirilishi mumkin.
Qirg‘iziston Respublikasining Oila kodeksiga, “Fuqarolik holati dalolatnomalari to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasida 1-moddani quyidagi mazmundagi to‘ldirish taklif etiladi:
-
otasining ismi bo‘yicha o‘g‘il bolalar uchun “uulu” va qiz bolalar uchun “qizi” qo‘shimchasi bilan yoki bunday qo‘shimchasiz yoxud o‘g‘il bolalar uchun “dyn/tyn”, “din/tin”, “dun/tun” va asl holidagi “dan/tan”, “den/ten”, “don/tyon” qo‘shimchalari qo‘shiladi. Bunday hollarda bolaga otasining ismi berilmaydi.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston 1990 yillarning boshlarida mustaqillikka erishgach, fuqarolar o‘z farzandlariga qirg‘izlarning an’anaviy ism va familiyalarini so‘zma-so‘z “o‘g‘il” yoki “qizi” degan ma’noni anglatuvchi “uulu” va “qizi” so‘zlari yordamida berishni boshlagan. Ammo 2000 yillarda mamlakat familiyalarni sovet uslubida qayta yozishni boshladi. Qirg‘iziston hukumati buni tashqi migratsiyaning o‘sishi bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Qirg‘izistonda mijozlarga davlat tilida xizmat ko‘rsatmaydigan muassasalar javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Davlat tili bo‘yicha milliy komissiya Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish tashabbusi bilan chiqqan. Unda qirg‘iz tilida xizmat ko‘rsatishni rad etgan muassasalarni javobgarlikka tortish taklif etilmoqda. Bunga fuqarolardan kelib tushgan ko‘plab shikoyatlar sabab bo‘lgan. Shikoyatlarda kafe, restoran va boshqa muassasalarda xodimlar mijozlarga faqat rus tilida xizmat ko‘rsatayotgani ta’kidlangan.
Live
Barchasi