Qirg‘izistonliklar 1 iyuldan boshlab yangi Konstitutsiya asosida yashaydi
Olam
−
27 aprel 2021
4513Joriy yilning 1 iyulidan boshlab Qirg‘iziston yangi Konstitutsiya va yangi qonunlar asosida yashaydi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov KTRK teleradiokorporatsiyasiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu hafta Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi Konstitutsiya bo‘yicha referendum natijalarini chiqarishi kerak.
“Shundan so‘ng, yangi Konstitutsiya kuchga kiradi. Ammo qonunlar ikki oy ichida – deputatlar ta’tilidan oldin qabul qilinadi. Biz barcha qonunlarni muvofiqlashtirishimiz kerak, 17 to‘plam qonun loyihalarini tayyorladik. Ularni parlamentga taqdim etamiz. 1 iyuldan boshlab yangi qonunlar va yangi Konstitutsiya asosida yashaymiz”, deydi u.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, xalq prezidentlik boshqaruv shaklini tanlagan, shuning uchun mamlakatda prezidentlik boshqaruv shakli o‘rnatiladi.
“Ijro etuvchi hokimiyatni Prezident, so‘ngra Vazirlar Mahkamasining raisi, keyin esa vazirlar boshqaradi. Agar ilgari Prezident va hukumat ajratilgan bo‘lsa, endi ular birlashadi”, deydi u.
Japarov mamlakatda islohotlar amalga oshirilishi, byurokratiya bo‘lmasligi va qarorlar zudlik bilan qabul qilinishini ta’kidladi.
“Masalan, biz hali ham eski Konstitutsiya asosida yashayapmiz. Agar hukumatga siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan bitta muhim hujjatni taqdim etish zarur bo‘lsa, u 15 kundan keyingina qaytariladi. Byurokratiya, bir so‘z bilan aytganda. So‘nggi 10 yil ichida boshqaruv tizimi tartibsiz edi – hech kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishni, qaror qabul qilishni xohlamaydi. Agar yangi Konstitutsiya kuchga kirsa, bunday bo‘lmaydi. Biz bitta kabinetga yig‘ilamiz, Prezident va Hukumat birlashadi hamda qarorlar tezda qabul qilinadi”, deydi Japarov.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar va Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tgan edi. Qirg‘izistonning yangi Konstitutsiyasi loyihasi 79 foiz saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
LiveBarchasi