Qirg‘izistonlik deputatlar O‘zbekistondagi zavoddan shikoyat qildi

Olam

image

O‘zbekiston hududida joylashgan zavod va chiqindi poligoni faoliyati tufayli Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Nooken tumanidagi 60 ming aholining hayoti izdan chiqqan. Bu haqda bugun, 24 iyun kuni haqida Qirg‘iziston Jogorku Keneshi yoqilg‘i-energetika kompleksi, foydali qazilmalarni ishlatish va sanoat siyosati bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Deputat Zamirbek Mamasadiqov zavod va chiqindi poligonidan taralayotgan badbo‘y hid va tutun mahalliy aholining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ma’lum qilgan. Ularning har ikkisi Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Nooken tumanidagi Dostuk qishlog‘i bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston hududida joylashgan.

“Men o‘zim ham Shamaldi-Soy qishlog‘ida tug‘ilganman va shu yerda yashayman. Zavod va poligon yonida yashash qanday azobli ekanini o‘z boshimdan o‘tkazganman. O‘zbekiston hududidagi sovun ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushganda, shamol yo‘nalishi bilan bir necha qirg‘iz qishloqlari tomon sassiq hid va tutun keladi. Hisoblasak, jami 60-70 ming aholiga ta’sir etyapti. Bu masala bundan bir yil avval joylarda o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘tarilgan va o‘shanda O‘zbekiston tomoni 10 kun ichida ham poligonni, ham zavodni yopishga va’da bergan edi. Ammo bir yil o‘tdi, hech narsa o‘zgarmadi. Bu mahalliy aholi uchun juda katta muammo. Alohida ta’kidlash kerakki, chiqindi poligoni va sovun zavodi o‘zaro bog‘liq: chiqindi saralanadi, undan xomashyo olinadi, xomashyodan sovun tayyorlanadi. Agar chiqindi bo‘lmaganda, bu zavod ham bo‘lmas edi. Bu masalani nihoyat hal qilish kerak”, deydi deputat.

Qirg‘izistonning tabiiy resurslar, ekologiya va texnik nazorat vaziri o‘rinbosari Asel Raimqulovaning ma’lum qilishicha, hozirda chiqindi poligoni yopilgan va rekultivatsiya ishlari yakunlangan.

“Bizga zavod vaqtincha faoliyatini to‘xtatganini bildirishgan. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, ba’zida ishlayotgan bo‘ladi. Biz ushbu hududda qo‘shma monitoring o‘tkazish masalasini ko‘targanmiz, aniq sana belgilanishini so‘raganmiz, lekin hozircha qo‘shni davlatdan javob olmadik. O‘zbekiston vakolatli organlari bilan muzokaralar davom etmoqda”, deydi u.

Mahalliy hokimiyat vakillari esa zavod odatda soat 16:00 dan keyin ishga tushirilishini aytgan.

“Shikoyatlarni ochiq ayta boshlaganimizda zavodni to‘xtatishadi. Lekin bizda barcha foto va video materiallar bor”, deya qo‘shimcha qilgan ular.

Deputatlar aniq qaysi zavod haqida gap borayotganini va zavod nomini ochiqlamagan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jalolobod Qirg'iziston zavod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing