Qirg‘izistonlik Chubak hoji domla xalq qahramoni bo‘ldi
Olam
−
13:28 1863 1 daqiqa
Qirg‘izistonning marhum diniy arbobi Chubak hoji Jalilovga vafotidan so‘ng “Qirg‘iz Respublikasi Xalq Qahramoni” oliy unvoni berildi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mukofotni Prezident Sadir Japarov Chubak hojining o‘g‘li Abdulla Jalilovga topshirgan. Qayd etilishicha, unvon Chubak hojiga diniy ta’lim va ma’rifiy faoliyatni rivojlantirish, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni shakllantirish, shuningdek, xalqning madaniy va diniy an’analarini asrab-avaylashga qo‘shgan alohida hissasi uchun berilgan.

Ma’lumot uchun, Chubak hoji Jalilov qirg‘izistonlik taniqli diniy arbob, islomshunos va pedagog bo‘lgan. U 1975 yil 21 yanvarda Jalolobod viloyati Bozorqo‘rg‘on tumani Bay-Munduz qishlog‘ida tug‘ilgan. Jalilov Qirg‘izistondagi Hazrati Umar nomidagi Islom universitetini tamomlagan. Keyin Saudiya Arabistonida arab tili va fiqhni o‘rgangan. U arab tili va islomiy fanlardan dars bergan, Jahon musulmonlar ligasida ekspert sifatida ishlagan.
2008–2010 yillarda Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasining fatvo bo‘limiga rahbarlik qilgan. 2010–2012 yillarda esa Qirg‘iziston muftiysi lavozimida faoliyat yuritgan. Lavozimdan ketganidan keyin ham diniy-ma’rifiy faoliyatini davom ettirib, ma’ruzalar va va’zlar qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Chubak hoji domla 2020 yil 11 iyul kuni vafot etgan edi.
Live
Barchasi