Qirg‘izistonda vaziyat qaltis. Prezident Konstitutsion sudga murojaat yo‘lladi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga Prezident Sadir Japarovning amaldagi davlat rahbarining vakolatlarini amalga oshirish muddatlari va navbatdagi yoki muddatidan ilgari prezidentlik saylovlarini tayinlash tartibiga oid Konstitutsiya normalariga rasmiy sharh berish to‘g‘risidagi taqdimnomasi kelib tushdi. Bu haqda Konstitutsion sud matbuot xizmati xabar bermoqda.

Hujjatda qayd etilganidek, murojaat qilish zarurati ijtimoiy-siyosiy makonda va ekspertlar muhitida konstitutsiyaviy qoidalarni talqin qilish bo‘yicha mutlaqo qarama-qarshi pozitsiyalar shakllangani bilan bog‘liq.

Gap 2010 yilgi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq saylangan prezident vakolatlari muddatining boshlanish vaqti va davomiyligini, shuningdek, navbatdagi yoki muddatidan ilgari saylovlarni o‘tkazishni tartibga soluvchi normalar haqida bormoqda.

Taqdimnomada 2021 yil 11 apreldagi referendumda qabul qilingan “Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonunning qoidalari, bir qator ekspertlarning fikriga ko‘ra, 2010 yil 27 iyundagi tahrirdagi Konstitutsiya normalari bilan birgalikda qo‘llanilganda noaniq talqin qilinishiga yo‘l qo‘yishi va ziddiyatlarni keltirib chiqarishi ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, huquqshunoslar va jamoat arboblarining qarama-qarshi huquqiy pozitsiyalari ommaviy hokimiyat institutlarining barqaror va qonuniy faoliyat yuritishi uchun fundamental ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar bo‘yicha konstitutsiyaviy-huquqiy noaniqlik yuzaga kelganidan dalolat beradi.

Ko‘rsatilgan noaniqlik, materiallarga ko‘ra, konstitutsiyaviy tuzum asoslariga, xalq hokimiyatchiligi prinsipiga, Konstitutsiyaning ustunligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga, huquqiy aniqlikka, saylovlarni o‘tkazish tartibi va muddatlariga, fuqarolarning saylov huquqlariga daxl qiladi.

Hujjatda, shuningdek, hokimiyat va saylov masalalariga yuqori ijtimoiy sezgirlik sharoitida tafovutlarning saqlanib qolishi siyosiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi, davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni susaytirishi va qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniyligi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi qayd etilgan.

Saylov va referendumga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishni ta’minlovchi organlarning xatti-harakatlari yuzasidan nizolar kelib chiqishi ehtimoli alohida ko‘rsatib o‘tilgan.

Huquqiy mavhumlikni bartaraf etish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan konstitutsiyaviy inqirozning oldini olish maqsadida davlat rahbari so‘ragan:

•    Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasining (qonunning 2021 yil 5 maydagi tahririda) 67-moddasi, 68-moddasi 2-qismi ikkinchi xatboshisi va 72-moddasi 1-qismini 2010 yilgi tahrirdagi Konstitutsiya normalari va 2021 yil 11 aprelda qabul qilingan “Qirg‘iziston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qoidalari bilan tizimli o‘zaro bog‘liqlikda rasmiy sharhlash;

•    navbatdagi yoki muddatidan ilgari prezident saylovini o‘tkazish tartibi va muddatlarini tushuntirish.

Taqdimnoma Konstitutsiyaviy sud tomonidan 17 fevral kuni yozma shaklda birinchi navbatda ko‘rib chiqiladi.

Ayni vaqtda Qirg‘izistonda vaziyat qaltis. Gap shundaki, ko‘plab jamoat faollari mamlakat prezidentining yangi saylovini o‘tkazishni zudlik bilan boshlash tashabbusi bilan chiqdi. Tashabbuskorlar murojaatni Prezident Sadir Japarov va parlament – Jogorku Kenesh raisi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘liga yllagan. Hujjatni 75 kishi – olimlar, sobiq bosh vazirlar, sobiq deputatlar va jamoat arboblari imzolagan. Ayni vaqtda hujjatni imzolaganlar tergovga jalb qilinayotgani haqida ma’lumotlar mavjud. 

Ichki ishlar vazirligining Tergov xizmati Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 278-moddasi – ommaviy tartibsizliklar – bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan.Ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda gumonlanib, Emilbek Uzoqboyev, Qurmanbek Diyqanboyev va Bekbolot Talg‘arbekov hibsga olingan. Ular vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etildi. U o‘z qarorini "jamiyatda bo‘linishga yo‘l qo‘ymaslik" istagi bilan izohladi. Qamchibek Tashiyevning o‘zi bu haqda Germaniyada yurak operatsiyasidan so‘ng rejali tekshiruvda bo‘lganida xabar topganini ma’lum qildi.

Tashiyev ortidan birinchi o‘rinbosar Qurbonbek Avazov, kiberxavfsizlik markazi direktori Daniel Risaliyev va Antiterror markazi direktori Elizar Smanov ishdan olindi. Abdukarim Alimboyev Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilib, Davlat chegara xizmati raisi etib tayinlandi. Uning o‘rnini Xavfsizlik kengashi kotibi lavozimida ishlab kelayotgan Rustam Mamasadiqov egalladi. 

2020 yildan buyon Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 9-xizmati boshlig‘i va rais o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Jumgalbek Shabdanbekov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Shuningdek, shu kunning o‘zida Chegara xizmati davlat qo‘mitasi tarkibidan chiqarildi va To‘qqizinchi xizmat negizida to‘g‘ridan-to‘g‘ri prezidentga bo‘ysunadigan yangi Davlat qo‘riqlash xizmati tashkil etildi. Davlat qo‘riqlash xizmati raisi etib Sirg‘ak Berdiqojoyev tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sadir Japarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing