Qirg‘izistonda 9 kishi “Seftriakson” tufayli shifoxonada, 1 kishi vafot etdi. O‘zbekiston tinchmi?
Salomatlik
−
03 fevral 2023
8572Qirg‘izistonda yanvar oyi davomida 9 kishi “Seftriakson” dori vositasi tufayli anafilaktik shokga uchragan, shundan bir kishi vafot etgan. Bu haqda “Akipress” nashri mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berdi.
Nojo‘ya reaksiyalar turli ishlab chiqaruvchilar – Hindiston, O‘zbekiston, Buyuk Britaniya, Xitoy, Misr, Turkiya, Rossiyaning “Seftriakson” preparatlari tufayli sodir bo‘lgan.
Beshta holatda uyga tashrif buyurgan hamshira, qo‘shnining dori vositalarini qo‘llashi, ya’ni anamnez, laboratoriya tekshiruvlari, tibbiyot xodimlarini ko‘rikdan o‘tkazmagani oqibatida allergik reaksiya yuzaga kelgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, anafilaktik shok bilan kasallanishning ko‘payishi tendensiyasi mavjud bo‘lib, bu antibakterial preparatlarni nazoratsiz, mantiqsiz qo‘llash natijasi bo‘lishi mumkin.
Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, parenteral yuborish qat’iy shifokor nazorati ostida va faqat sog‘liqni saqlash tashkilotlarining davolash xonalarida amalga oshirilishi kerak.
Xo‘sh, bu preparat bo‘yicha O‘zbekistonnda holat qanday? Shu savollarga javob topish uchun QALAMPIR.UZ Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Elvira Svechnikova bilan bog‘landi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda “Seftriakson” preparatlarining nojo‘ya ta’siri, shuningdek, o‘lim holatlari qayd etilmagan. E’tiborlisi, Qirg‘izistonda “Seftriakson”dan reaksiya kuzatilgan va vafot etganlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan ushbu preparatdan ham foydalangani yuqorida keltirib o‘tilgan.
LiveBarchasi