Qirg‘iziston-O‘zbekiston o‘rtasida 1,5 mlrd dollarlik 25 ta hujjat imzolandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi doirasida o‘tkazilgan muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekkan.

Davlat rahbarlari huzurida davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangan, shu jumladan:

  • O‘zbekiston-Qirg‘iziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashish to‘g‘risida bayonnoma;
  • Qirg‘iz Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik to‘g‘risida 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan dastur;
  • Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi bitimga Bayonnoma;
  • Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi memorandumga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma.

Vazirlik va idoralarlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, energetika, bojxona, sanoatning ustuvor yo‘nalishlarini rivojlantirish, innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash sohalarida hamkorlik to‘g‘risida bitimlar, shuningdek, Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash rejasi imzolandi.

Shuningdek, Jizzax va Issiq-ko‘l, Andijon va O‘sh, Farg‘ona va Botken, Namangan va Jalol-obod viloyatlari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan kompleks dasturlar imzolandi.

“24kg” nashrining xabar berishicha, ikki davlat Bosh vazir o‘rinbosarlari tog‘-kon sanoati, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligini qayta ishlash, energetika, qurilish, infratuzilma sohalarida umumiy qiymati 1,5 milliard dollardan ortiq bo‘lgan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqqan.

“Loyiha summalari hayratlanarli. Ishonchim komilki, ular yaqin kelajakda va to‘liq hajmda amalga oshiriladi. Albatta, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun moliyalashtirish talab etiladi. Shu yo‘nalishda O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi salohiyatidan foydalanishimiz mumkin”, dedi Sadir Japarov.

Japarov O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi doirasida Jalolobod viloyatida paxtani qayta ishlash, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo-logistika markazlari, jumladan, Qizil-Qiya shahrida tashkil etish, shuningdek, hamkorlikda paxtani qayta ishlash qator kichik GESlar qurilishi bo‘yicha qo‘shma korxonani moliyalashtirish muhimligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing