Qirg‘iziston “Tolibon” bilan savdo hajmini oshirmoqchi

Olam

image

Kecha, 25 yanvar kuni Qirg‘iziston Iqtisodiyot va savdo vaziri Doniyor Amangeldiyev boshchiligidagi delegatsiya Qobulga bordi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, delegatsiya Afg‘onistonga savdo aylanmasini kengaytirish, yuklarni tranzit qilish tartibini soddalashtirish va ikki davlat o‘rtasidagi turli masalalarni hal etish maqsadida borgan.

“Biz tijorat va boshqa sohalardagi ko‘plab muhim mavzularni muhokama qilish uchun keldik. Mavzular keng, biz, masalan, turli sohalardagi savdo va tranzit masalalarini muhokama qilamiz. Ko‘rib turganingizdek, ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun ishbilarmonlar va xususiy sektor kelgan”, degan Iqtisodiyot vaziri Qobulda. 

“Tolibon” muvaqqat hukumatida savdo va sanoat vaziri vazifasini bajaruvchi Nuruddin Aziziy esa Qirg‘iziston delegatsiyasi bilan uchrashuvda Qobul Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Qirg‘iziston Respublikasi uchun tranzit narxini pasaytirmoqchi ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, u Qirg‘iziston rasmiylari bilan ishbilarmonlar uchun viza olish va yuk tashish xarajatlarini kamaytirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish ham muhokama qilinishini qo‘shimcha qildi.

“Qachonki tranzit yuklar yurtimizdan o‘tib, Janubiy Osiyoga ketsa, biz ular bilan hamkorlik qilamiz... Bizning kun tartibimizdan masalalarni atroflicha muhokama qilish va xarajatlarni kamaytirish o‘rin olgan”, dedi Nuruddin Aziziy.

Shuningdek, Doniyor Amangeldiyev “Tolibon” muvaqqat hukumatida tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amirxon Muttaqiy hamda kon va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Shahobiddin Delaver bilan ham uchrashgan. Muhokamaning asosiy mavzusi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga bag‘ishlangan.

Afg‘oniston tomoni yaqinda Hirot viloyatida ro‘y bergan zilziladan jabr ko‘rgan baland tog‘li hududlar aholisiga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun Qirg‘izistonga minnatdorlik bildirgan. Uchrashuvda vazirlar savdo, sarmoya, transport va energetika sohalariga oid keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli mustahkam iqtisodiy aloqalarni o‘rnatishdan manfaatdor ekanini ta’kidlagan.

Shuningdek, tomonlar tog‘-kon sanoatini rivojlantirishning tarkibiy masalalari, konlarni o‘zlashtirishni faollashtirish, ruda resurslarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, temir rudasi, surma va neft qazib olish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

“Muloqotning muhim jihatlaridan biri tog‘-kon sanoati va neft-gaz sohalarida hamkorlikni kengaytirishga o‘zaro xohish bildirilgani bo‘ldi. Tomonlar ushbu tarmoqlardagi ish samaradorligini oshirishga xizmat qiluvchi tajriba va texnologiyalarni faol almashish muhimligini ta’kidladilar”, deyiladi vazirlik bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Qirg'iziston Tolibon Doniyor Amangeldiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing