Qimor o‘yinlari reklamasi uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish va targ‘ib qilish faoliyati uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Ushbu band nazarda tutilgan qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

10 noyabr kuni “Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish va targ‘ib qilish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyatga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi bilan qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish, o‘tkazish hamda ularda ishtirok etish bilan bog‘liq noqonuniy faoliyat uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kuchaytiriladi.

Shuningdek, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni qonunga hilof ravishda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida tayyorlash yoki O‘zbekiston hududiga olib kirish, uni reklama qilish, namoyish etish, tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internetda reklama qilish, namoyish etish hamda tarqatish uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Agar fuqaro yuqorida ko‘rsatilgan holatlar sodir etsa BHMning to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

O‘sha harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, –

uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz sakson soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

114

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing