Qilolmaysizlar, qo‘llaringizdan kelmaydi, deyishgandi – Prezident "Uzbekistan GTL” haqida

Jamiyat

image

“Uzbekistan GTL” zavodining qurilish ishlari boshlanganda, ko‘pchilik bunga shubha bilan qaragan, hattoki “qo‘llaringizdan kelmaydi”, ham deyishgan. Bu haqda bugun, 25 dekabr kuni zavodning ochilish marosimida ishtirok etgan Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

“To‘g‘risi, biz GTL loyihasini boshlaganimizda, ko‘pchilik buni uddalashimizga shubha bilan qaragan edi. “Qilolmaysizlar, qo‘llaringizdan kelmaydi” deyishgandi. Lekin, biz qat’iy intilish va mashaqqatli mehnatimiz bilan, barchamiz birgalikda murakkab sinov va qiyinchiliklarni yengib o‘tib, mana shunday yangi va zamonaviy, yuqori texnologik majmuani barpo etishga erishdik. Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi”, deydi Prezident.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi davrida 10 mingdan ortiq ishchi karantin talablariga qat’iy amal qilib, uzoq vaqt oilasi, yaqinlaridan olisda ishlab, haqiqiy qahramonlik namunasini ko‘rsatgan.

“Fursatdan foydalanib, qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan, GTL zavodi qurilishida munosib ishtirok etgan barcha mutaxassislar, fidoyi quruvchi, muhandis va loyihachilar, hurmatli xorijiy hamkorlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman”, deydi Prezident.

Ma’lumot uchun, 25 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish bo‘yicha “Uzbekistan GTL” zavodi ochildi. Yangi zavod respublikaning neft mahsulotlariga, xususan, dizel yonilg‘isi va kerosinga, shuningdek, suyultirilgan gazga bo‘lgan ichki ehtiyojini qoplashga xizmat qiladi. Shuningdek, bu yerda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli mahsulotlarni eksport qilish imkoniyati ham mavjud. Bunday zavod dunyoning sanoqli davlatlarida – Qatar, Nigeriya, JAR, Malayziyada mavjud. O‘zbekiston bu davlatlar qatoriga beshinchi bo‘lib qo‘shilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing