Qibraydagi daladan 10 mln dollarlik “gashish” topildi (video)

3-sahifa

−

image

Toshkent viloyatining Qibray tumanida daraxtlar orasiga yashirilgan 95 kilogrammga yaqin “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari DXX bilan hamkorlikda Qibray tumanida tezkor tadbir o‘tkazgan. Tadbir davomida dala maydonidagi daraxtlar orasiga yashirilgan 4 ta xo‘jalik qopi aniqlangan. Qoplar ichida jami 109 ta o‘ram bo‘lib, ulardagi modda Bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona laboratoriyasi xulosasiga ko‘ra, salkam 95 kilogramm “gashish” ekani tasdiqlangan.

Shundan so‘ng, mazkur hudud giyohvandlik vositasini olib ketish uchun kelishi mumkin bo‘lgan shaxslarni aniqlash maqsadida kuzatuvga olingan. Oradan 8 kun o‘tib, giyohvandlik vositasini olib ketish uchun hududga kelgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olingan.

Tergov harakatlari davomida giyohvandlik vositasini ushbu joyga yashirib ketish va keyinchalik olib ketish haqida topshiriq bergan shaxs ham aniqlanib, ushlangan.

Ma’lum qilinishicha, mazkur jinoyatni tashkil qilgan shaxs avval ham benzin kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun Bojxona qo‘mitasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Bojxona qo‘mitasining Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborilgan.

“Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu giyohvandlik vositalarining qora bozordagi qiymati, oxirgi iste’molchigacha yetib borgan taqdirda, 10 million AQSH dollaridan oshishi mumkin edi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailanddan O‘zbekistonga 7,5 kg kilogrammdan ortiq narkotik moddalarni olib kirish va tarqatishga urinish aniqlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing