Qibrayda mas’ullar mevali daraxtlarni kesib tashladi (video)
3-sahifa
−
13 avgust 6214 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Qibray tumani Botanika mahallasida daraxtlar kesilayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Holatga Qibray tumani hokimligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Botanika mahallasidagi yoshlarning taklif va istaklari inobatga olinib, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ommaviy sport turlariga keng jalb qilish maqsadida joriy yildagi “Tashabbusli byudjet” loyihasining 1-mavsumida, mazkur mahalladagi 2-ko‘p qavatli uyning orqa tarafidagi, qarovsiz bo‘lgan jami maydoni 34 sotix yer maydonini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashirish hamda mahalla yoshlari uchun umumiy maydoni 800 kvadrat metrni tashkil etadigan 20x40 maydondagi sun’iy qoplamli yopiq futbol maydonini qurish loyihasi mahalla yoshlari va aholi hamjihatligida 1327 ta ovoz bilan g‘olib deb topilgan.
Hokimlikka ko‘ra, loyiha doirasida 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy, yopiq futbol maydonini qurish va tuman hokimligi tashabbusi bilan hudud atrofini yanada ko‘kalamzorlashtirish hamda sayr qilish yo‘laklarni tashkil etish maqsadida mazkur qarovsiz bog‘dagi qurigan va parvarishlash imkoni mavjud bo‘lmagan 3 tup gilos va 3 tup o‘rik daraxti hamda 1 dona siren butasi (moratoriy joriy qilinmagan) jami 7 dona daraxt tuman Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish bo‘limi mas’ullari ishtirokida tegishli tartibda kesilgan.
Qibray tumani hokimligi bergan munosabatda yozilishicha, mahalla infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni ommaviy sport turlariga jalb qilish hamda mahallada “yashil bog‘” tashkil etish, aholining maroqli dam olishi uchun qulay va ekologik toza hudud yaratish maqsadida barpo etilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyihada aholi vakillarining taklif va tavsiyalari ham inobatga olingan.
“Mazkur jarayonlarda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari ishtirok etmagani hamda videotasvirga olishda fuqarolarga nisbatan hech qanday tazyiq va to‘siqlar yoki boshqa qonunga xilof xatti-harakatlar bo‘lmaganini ma’lum qilamiz”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Tarmoqlarda sizdirilgan videolarda daraxtlarni kesish ishiga tuman hokimining o‘zi ham borgani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatidagi “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida jami 2500 tupdan ortiq noyob va Qizil kitobga kiritilgan daraxtlar kesib ketilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.