Qibray tumani hokimiga ogohlantirish berildi

3-sahifa

image

Kecha, 13 mart kuni Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 3 nafar hokim o‘rinbosariga “hayfsan” berildi, 3 nafar hokim esa tushuntirish xati yozadigan bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimligi saytida ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda 2023 yilning birinchi choragi yakuni bilan byudjet tushumlari prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi, viloyatda dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi, shuningdek, viloyat hokimining vakolatiga kiradigan boshqa muhim masalalar tanqidiy muhokama qilingan.

Yig‘ilishda bir qator mas’ullarning faoliyati keskin tanqid qilinib, ayrimlariga nisbatan chora ko‘rilgan va ogohlantirilgan.

Xususan, Qibray tumanida dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi belgilangan 30 gektar maydon haligacha auksionga chiqarilmagani uchun tuman hokimi Mira’zam Mirqosimov ogohlantirilgan. Uning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.To‘ychiyevga “hayfsan” intizomiy jazosi berilgan.

Yangiyo‘l tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari L.Badalovga nisbatan dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi belgilangan 35 gektar yer maydonlarini zaxiraga olmagani uchun oylik maoshining 30 foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llash bo‘yicha taklif kiritilgan.

Shuningdek, Chinoz tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Mirsobirovga nisbatan dehqon xo‘jaliklari uchun ajratilishi belgilangan yer maydonlarini auksionga chiqarilishini yetarli darajada nazoratga olmagani uchun “hayfsan” intizomiy jazo chorasi berilgan.

Toshkent viloyatidagi qabristonlar uchun qo‘shimcha yer ajratish bo‘yicha berilgan takliflarga asosan, Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini yakuniga yetkazish bajarilmagani uchun viloyat hokimligining tegishli kotibiyati mudiri A.Akromovga ham “hayfsan” qo‘llanilgan.

Bundan tashqari, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l, Parkent tumanining hokimlari dehqon xo‘jaliklari tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha 100 gektardan yer maydonlarini bugungi kungacha ajratib bermagani yuzasidan tushuntirish xati yozadigan bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qibray tumani hokimi “hayfsan”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar