Qaysi viloyatlarda uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari kuzatildi?
Bu qiziq
−
15 dekabr 2022
7604Noyabr oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida pasayish kuzatildi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlilida keltirilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozoridagi faollik 11 oy davomida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 foizga oshgan. Ikkilamchi uy-joy bozorida o‘rtacha narxlar 15,8 foizga, xususan, poytaxtda 22,7 foizga ko‘tarilgan.
Markazga ko‘ra, kvartiralarni ijaraga berish bozoridagi vaziyat avvalgi muvozanat darajasiga qaytmoqda.
Uy-joy savdosining eng yuqori o‘sish sur’atlari Xorazmda 38 foiz, Navoiy viloyatida 24 foiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 23 foiz qayd etilgan.
Oktyabr oyiga nisbatan noyabr oyida Toshkent shahrida ijaraga beriladigan uy-joy narxi 5,8 foizga tushgan. Shu bilan birga, yil boshidan beri poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 35 foizdan oshgan va 1 kvadrat metr uchun deyarli 10 dollarni tashkil etgan.
1 kvadrat metr uchun eng yuqori ijara narxi Shayxontohur (13,2 dollar), Mirobod (12,3 dollar) va Yakkasaroy (12,2 dollar) tumanlarida qayd etilgan. Nisbatan arzon narxlar Uchtepa (8,1 dollar), Sergeli (7,2 dollar) va Bektemir (6 dollar) tumanlarida ekani aniqlangan.
Noyabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi 3,9 foizga oshgan. Ikkilamchi uy-joy narxlarining eng sezilarli o‘sishi Toshkent viloyatida 22,9 foiz, Navoiy viloyati – 22 foiz va Toshkent shahrida – 22,7 foiz kuzatilgan. Poytaxtda ikkilamchi uy-joy bozoridagi narx bir oy ichida 2,4 foizga qimmatlagan.
Narxlarning eng yuqori o‘sishi poytaxtning Bektemir, Mirobod va Yunusobod tumanlarida qayd etilgan.
LiveBarchasi