Qatar Jahon Chempionatini sotib olgan?! Davlatlar nega sportni “sevishadi?” “Sportwashing” texnologiyasi nima?

Tahlil

image

Sport siz uchun nima? Kim uchundir u sog‘lom turmush tarzining ajralmas bir bo‘lagi, yana kim uchundir sevimli mashg‘ulot – hobbi bo‘lishi mumkin, ba’zilar uchun esa u professional mashg‘ulot – daromad keltiradigan ish. Chempionlik esa sportchi uchun nafaqat shon-shuhrat, balki katta boylik, umumjahon sahnasida tanilish va ta’sir kuchidir.

Bir paytning o‘zida sport milliardlab pul aylanadigan sanoat hamdir va bunday ulkan foyda atrofida qudratli o‘yinchilar ham yetarli. Ba’zi “uddaburon” amaldorlar qo‘lida u davlat g‘aznasidan mo‘maygina foyda qilish uchun vosita yoki pul yuvishning samarali usuliga aylanib qolgan. Ammo zamonaviy siyosatshunoslikda shunday bir atama borki, u sport aslida qandayin katta qurol ekanligini tasvirlab beradi. Qatar yoki Saudiya Arabistoni kabi neft zaxiralari ortidan trillionlab foyda oladigan, Rossiya va Xitoy kabi iqtisodi gullab yashnayotgan, lekin demokratiya tamoyillari doim ham ishlayvermaydigan davlatlarning siyosatida sportning ahamiyati so‘ngi yillarda umuman boshqa darajada. “Sportwashing” ularning xalqaro siyosatida xuddiki “xavfsizlik yostiqchasi” kabi ahamiyatli bo‘lib ulgurdi.

“Sportwashing” nima?

“Sportwashing” – bu hukumatlar, korporatsiyalar yoki shaxslarning qilgan qilmishlarini xalqaro maydonda yashirish yoki o‘zini oqlash maqsadida e’tiborni yirik sport tadbirlari bilan chalg‘itish usuli. Atama ma’nosini saqlab qolgan holda, uni o‘zbek tiliga “sport orqali oqlanish”, deb tarjima qilish mumkin. Atamaning shakllanishi va ommalashishi avtoritar davlatlarning sport orqali inson huquqlari bilan bog‘liq xalqaro tanqidlardan qochishga urinishi bilan bog‘liq. Axborot asriga kelib qurol kuchining imkoniyatlari pasayib, “soft power” – yumshoq kuchning ahamiyati oshib bordi. “Sportwashing” ham shunday yumshoq kuch vositalari qatoriga kiradi va ko‘plab nodemokratik davlatlar tomonidan siyosiy kommunikatsiya strategiyasi sifatida qo‘llanilib, davlatlar imijini “tozalash”, jamoatchilikning e’tiborini muammolardan chalg‘itish va global muloqotda obro‘ni tiklash uchun ishlatiladi.

“Long Reads” portali ma’lumotlarida ushbu atama birinchi marta 2015 yilgi Ozarbayjon poytaxti Bakuda bo‘lib o‘tgan “Birinchi Yevropa o‘yinlari”dan so‘ng keng miqyosda qo‘llanila boshlangani aytiladi, ammo tarixda 1936 yilgi Olimpiada Berlinda o‘tkazilishi ham aslida xalqaro jamiyatni Adolf Gitlerning irqchi rejimi jinoyatlaridan chalg‘itish maqsadida uyushtirilgani, 1934 yilgi Futbol bo‘yicha Jahon chempionatini Italiyada bo‘lib o‘tgani esa Benito Mussolinining qilmishlarini yashirish maqsadida tashkillashtirilgani sport orqali oqlanish texnologiyasi allaqachon shakllanganiga yaqqol dalildir, biroq bu atamani chinakam ommalashishi Qatardagi 2022 yilgi Futbol bo‘yicha Jahon Chempionati (JCH) bilan birga yuz berdi.

Nega Qatar Jahon chempionatini sotib olgan?

2010 yil 2 dekabr FIFA ijroiya qo‘mitasi 2022 yilgi Futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgan davlat sifatida Yaqin Sharqdagi unchalik katta bo‘lmagan Qatar tanlanganini e’lon qildi. Yozda harorat 40 gradusgacha issiq bo‘ladigan, stadionlari nihoyatda kam va borlari ham talabga javob bermaydigan bu davlatda dunyoning eng nufuzli musobaqasini o‘tkazish o‘sha vaqtda barcha uchun tasavvur qilib bo‘lmas holat edi. Hatto issiq iqlim muammosini hal qilish uchun FIFA JCH ilk bor yozda emas, qish faslida o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu esa butun yillik futbol taqvimini o‘zgartirib yubordi. Bu paytgacha Qatar terma jamoasi biror marta Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritolmagan edi. Shunday qilib Qatar oldingi Jahon chempionatlariga hech qachon qatnashmagan yagona zamonaviy mezbon davlat sifatida belgilandi.

12 yillik o‘rtadagi vaqt davomida Qatar butunboshli davlatni qayta qurdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tahminan 200-300 milliard dollar, deb baholangan bu rekonstruksiya nafaqat futbol uchun stadionlar, balki ulkan infratuzilmaviy o‘zgarishlarni o‘z ichiga olar edi. 2010 yilgacha atigi bitta xalqaro standartlarga javob beradigan stadion bor edi xolos, ammo 2022 yilga kelib sakkizta zamonaviy talablarga javob beruvchi, ulkan, hashamatli futbol maydonlari qurib bitkazildi. Mamlakat poytaxti Dohada metropoliten ishga tushirildi, shahar infratuzilmasi butkul o‘zgartirilib, yangi elektron avtobus va tramvaylar ishga tushirildi. Aeroportdan tortib turistik maskangacha – hammasi yangidan qurildi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi Doha eskisidan tubdan farq qilar edi, shahar tanib bo‘lmas darajada yangi qiyofa kasb etdi.

Milliardlab dollar pullar o‘zini oqladi, 2022 yilgi Jahon chempionati hech kim kutmagan darajada ajoyib o‘tdi. Atigi 50 km radiusda qurilgan 8 stadion muxlislarda ketma-ketma belgilangan o‘yinlarga bemalol ulgurishi uchun qulaylik yaratdi, yangi transport tarmog‘i esa turistlar tomonidan keng e’tirofga sazovor bo‘ldi, ammo bunday jimjimador muvaffaqiyatlar ortida millionlab huquqlari poymol bo‘lgan insonlar va qurilishlar davomida halok bo‘lgan migrant ishchilarning mehnati yotar edi. Asosan, Hindiston, Nepal, Pokiston va Bangladeshdan kelgan migrant ishchilar mamlakatda joriy qilingan “Kafala” tizimi sabab og‘ir mehnat sharoitida arzimas haq evaziga ishlashga majbur bo‘ldi. Tizimga ko‘ra, ularning hujjatlari olinib, qaytarib berilmas, bu esa ularni ish beruvchi ruxsatisiz ish joyidan yoki davlatdan chiqib ketishini cheklar edi. Ammo dabdabali o‘tgan chempionat davomida hech kim bunga e’tibor bermadi.

Manchester metropolitan universiteti professori Jonatan Grix Qatardagi bu musobaqa davlatning yaqqol “sportwashing” strategiyasidan foydalanganini ko‘rsatishini aytadi.

“Qatar sport orqali dunyoni o‘zgartirishga urinmadi, u faqat dunyoning Qatar haqidagi tasavvurini o‘zgartirmoqchi bo‘ldi”, deb yozadi Grix.

U va ko‘plab mutaxassislarning fikricha, Qatardagi Jahon Chempionati haqqoniy ovoz berish natijasida tashkil qilinmagan, balki FIFA rahbariyatiga berilgan katta miqdordagi pora ortidan sotib olingan xolos. Ushbu musobaqagacha doim Saudiya Arabistoni soyasida qolib ketadigan davlat endi jahon sahnasida o‘zining boy iqtisodiyotga ega va rivojlanib borayotgan davlat sifatida o‘rnini mustahkamladi. Oldinlari ayollar huquqi zarracha ahamiyatga ega bo‘lmagan, inson huquqlari doim ham ishlayvermaydigan, muammoli, qoloq davlat sifatida ko‘rilgan Qatar, Jahon chempionatidan so‘ng sportsevar davlat sifatida dunyoga tanila boshlandi. Endi uning “qora tomonlari” soyada qolib, faqat ijobiy jihatlari madh etila boshlandi.

Tanganing ikkinchi tomoni

Sportdan o‘z maqsadlarida foydalanish nafaqat siyosatchilarga, balki FIFA yoki Xalqaro Olimpiada Qo‘mitalari kabi sport sohasidagi tashkilotlarga ham qo‘l keladi. Negaki, agar ushbu tashkilotlar korrupsiyaga moyil bo‘lmasa, davlatlar har qancha urinsa ham ularni sotib ololmasdi. Ammo pulning qudrati uning qancha ekanligi bilan o‘lchanadi, davlatlar esa o‘z imijini yaxshilash uchun pulni ayamaydi.

2010 yilda Shveysariyada o‘tkazilgan FIFA kengashidan so‘ng JCH o‘tkazish huquqini 2018 yil Rossiyaga, 2022 yil Qatarga sotilgani haqida gumonlar urchiy boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda FIFA korrupsion sxemasi haqida videolar tarqaldi, ko‘plab keng auditoriya ega blogerlar tashkilot rahbariyatini jiddiy tanqid ostiga oldi. Nihoyat, 2015 yilda AQSH Adliya sudi FIFA’ning 24 yillik faoliyatini ko‘rib chiqqan holda, fosh etilgan 47 ta ayblovni e’lon qildi. Ular orasida “racketeering” – tashkilot orqali foyda ko‘rish, “wire fraund” – kommunikatsiya vositalari orqali firibgarlik qilish va turnir o‘tkazish huquqlarini sotish kabilar ham o‘rin olgan edi. Ayblovlar ortidan tashkilotning bir qancha yuqori mansabdor shaxslari lavozimlaridan ozod etildi va hibsga olindi.

Xulosa qilib aytganda, sport endi shunchaki ko‘ngilochar mashg‘ulot emas, u allaqachon siyosat va pul qilish mexanizmiga aylanib bo‘lgan. Ba’zi siyosatchilar qo‘lida u qilmishlarni berkituvchi parda, obro‘ni ko‘taruvchi lift, jinoyatlardan qochish uchun tirqish vazifasini o‘tamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

korrupsiya FIFA futbol qatar Sportwashing sport orqli oqlanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing