Qatar Trampga 400 mln dollarlik “uchar saroy” sovg‘a qiladi – OAV
Olam
−
12 may 8736 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Qatar qirollik oilasidan qiymati 400 million dollarga teng bo‘lgan Boeing 747-8 rusumidagi superhashamatli reaktiv samolyotni qabul qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, ABC News xabar berdi.
Nashrning yozishicha, bu sovg‘a AQSH tarixida xorijiy davlatdan olingan eng qimmat hadya bo‘lishi mumkin.
“Prezident bu samolyotni lavozimida bo‘lgan vaqtida o‘zining yangi Air Force One borti sifatida ishlatishi mumkin bo‘ladi. Shundan so‘ng u Trampning Prezidentlik fondi tasarrufiga o‘tadi”, deydi manbalar.
Ma’lum qilinishicha, ushbu sovg‘aning e’lon qilinishi Trampning ikkinchi prezidentlik muddatidagi ilk xorijiy safari chog‘ida Qatarda bo‘ladigan vaqtiga to‘g‘ri kelishi kerak edi. Biroq Oq uy yuqori martabali rasmiysining aytishicha, sovg‘a Tramp Qatar hududida bo‘lgan paytda rasmiy ravishda topshirilmaydi. Tramp samolyotni joriy yilning fevral oyidayoq Floridadagi aeroportda ko‘zdan kechirgan.
“Bu samolyot shunchalik dabdabali jihozlanganki, uni “uchar saroy” deb atashmoqda”, deyiladi xabarda.
ABC News’ning xabar berishicha, Oq uy va AQSH Adliya vazirligi huquqshunoslari AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegsetga tahlil hujjatini taqdim etgan. Unda Pentagonning ushbu samolyotni sovg‘a sifatida qabul qilishi va keyinchalik uni Tramp fondiga topshirishi qonuniy ekanini, bu esa korrupsiyaga qarshi qonunlar yoki AQSH Konstitutsiyasining emolumentlar bandini (biron qirol, shahzoda yoki xorijiy davlatdan sovg‘alarni qabul qilish haqidagi taqiq) buzmasligini ta’kidlangan. Xuddi shunday xulosaga AQSH Bosh prokurori hamda Trampning bosh yuristi ham kelgani bildirilgan.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt nashrga izoh berar ekan, “xorijiy davlat tomonidan berilgan har qanday sovg‘a barcha qonunlarga to‘liq muvofiq holda qabul qilinadi”, deya javob bergan.
“Prezident Tramp ma’muriyati to‘liq oshkoralikka sodiqdir”, deya qo‘shimcha qilgan Livitt.
Aviatsiya sohasi mutaxassislariga ko‘ra, Trampga sovg‘a qilinadigan samolyotning qiymati taxminan 400 million dollarni tashkil qiladi. Bu raqam esa unga zarur xavfsizlik va aloqa tizimlari o‘rnatilishidan oldingi baho.
Ma’lumot uchun, Donald Tramp 13-16 may kunlari Yaqin Sharqqa safar uyushtirishi kutilmoqda. Safar doirasida u Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga tashrif buyuradi. “Axios”ga ko‘ra, Tramp Saudiya Arabistonida bir qator davlat rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Ushbu tadbir Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmon Ol Saudning taklifi bilan bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvda Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashiga a’zo mamlakatlar, ya’ni Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Qatar, Quvayt, BAA va Ummon yetakchilari ishtirok etishi mumkin. Mazkur uchrashuv 14 may kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr