Qatar eronlik uchuvchilarni asirga oldi
Olam
−
20:22 1565 2 daqiqa
Joriy yilning mart oyida uch nafar eronlik uchuvchi Su-24 qiruvchi samolyotlari halokatga uchraganidan so‘ng Qatar harbiylari tomonidan asirga olingan. Bu haqda Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabining Yo‘qolganlarni qidirish qo‘mitasi rahbari Muhammad Boqirzoda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Javod Solihiy, Abdulmajid Dashtiyon va Amron Behro‘ziyon olti oydan beri Qatarda asirlikda ushlab turilibdi. Boqirzodaning aytishicha, Qatar rasmiylari shu kungacha uchuvchilarga qarindoshlari yoki vakolatli vakillari bilan bog‘lanishga ruxsat bermagan.
“Jangovar parvoz davomida mart oyida bombardimonchi samolyotlar halokatga uchraganidan so‘ng Su-24 samolyotining uch nafar uchuvchisi Qatar qurolli kuchlari tomonidan asirga olindi”, deyiladi Boqirzodaning IRIB davlat teleradiokompaniyasi tomonidan keltirilgan bayonotida.
U Xalqaro Qizil Yarim Oy jamiyatini imkon qadar tezroq uchuvchilar bilan uchrashishga, ularning sog‘lig‘i holatini tekshirishga va ozod qilinishiga ko‘maklashishga chaqirgan.
CNN telekanalining xabar berishicha, mart oyida Eron va AQSH o‘rtasidagi nizo paytida Eronning ikkita Su-24 front bombardimonchi samolyoti Yaqin Sharqdagi eng yirik Amerika harbiy bazasiga zarba berishiga “ikki daqiqa” qolganida Qatar Harbiy-havo kuchlari tomonidan urib tushirilgan.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida Amerika qo‘shinlari Eronning qoq markazidan AQSH Harbiy-havo kuchlarining urib tushirilgan uchuvchisini qutqarib olgan edi. U 3 aprel kuni Eron havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan yo‘q qilingan F-15E samolyotining ikkinchi uchuvchisi edi. Qutqaruv operatsiyasi davomida amerikaliklar Isfahon shahri yaqiniga taxminan bir rota maxsus topshiriqli kuchlarni tashlagan.