Qassobning “kushxonaga” tashrifi

Tahlil

Netanyaxu G‘azodagi vahshiyliklar va daryo bo‘lib oqqan qonlar uchun amaliy yordam bergan qariya Joga tashakkur bildirib, insoniyatga qarshi keyingi jinoyatlari uchun homiylik qilishi mumkin bo‘lgan navbatdagi donori Trampning ko‘nglini ovlash uchun AQSHga tashrif buyurdi. Uning qonga botgan oyoq izlari shu haftaning boshida 22 iyul kuni Vashingtonga tashlandi. Netanyaxuning siyoh qolib qon bilan yozilgan tashrif kun tartibidagi ro‘yxatida hozircha amaldagi Prezident Jo Bayden, vitse-prezident Kamola Harris va sobiq Prezident Donald Tramp bilan uchrashuvlar hamda Kongressning qo‘shma majlisidagi nutqi o‘rin olgan. Ushbu tashrif AQSH siyosiy elitasidagi keskin o‘zgarishlar va Isroilning Falastindagi begunoh qurbonlari soni 40 mingga yaqinlashishi oqibatida yahudiy davlatining global tanqidlarga uchrashi fonida yuz berdi. Isroilning “erkaliklari” dunyoni jig‘ibiyron qilishi asta-sekin ortib borayotgan bir paytda bu uchrashuv Isroil tomonidan G‘azoda uyushtirilayotgan xunrezliklarning keyingi to‘lqini uchun katta ma’naviy va moddiy qo‘llov bo‘lib xizmat qilishi tayin. Shunday qilib, bir so‘z bilan aytganda vahshiy qassob kushxonada.

Vijdonlilarning noroziliklari

Netanyaxuning kelishi mamlakat poytaxtida norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Tashrifning ikkinchi kuni, ya’ni 23 iyulda yuzlab namoyishchilar Vakillar palatasi a’zolarining ofislari joylashgan Cannon binosida fleshmob tarzida norozilik namoyishi o‘tkazdi. Asli yahudiy bo‘lgan va sionistik rejimga qarshilardan iborat “Tinchlik uchun yahudiy ovozi” harakati “Bizning nomimiz bilan emas” deb yozilgan qizil futbolkalar kiyib, bino ichida “G‘azo tirik bo‘lsin!” degan yozuvlarni ko‘targan holda hayqirdilar. Bu qonxo‘r jallodga qarshi qilingan dastlabki norozilik namoyishlari ekanligi taxmin qilinmoqda. “Al Jazeera” bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Netanyaxu AQSHga safari mobaynida hali oldinda bir qancha namoyishlar to‘lqini bilan yuzlashishi kutilmoqda. Manbaning ortda qolgan dushanba kunidagi xabariga ko‘ra, minglab namoyishchilar Netanyaxuni “harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlar” uchun hibsga olishni talab qilish uchun Kapitoliy tashqarisida yig‘ilishlari kutilayotgandi. Norozilik namoyishlarida guruhlar koalitsiyasi ishtirok etishi taxmin qilingan. Bundan tashqari, ayollar boshchiligidagi tinchlik va inson huquqlari guruhi CodePink Netanyaxuga qarshi o‘z nafratlarini ko‘rsatishi kutilmoqda. CodePinkning “Reuters”ga ma’lum qilishicha, tashkilotchilar inson huquqlari himoyachilariga Vashingtonga butun mamlakat bo‘ylab shtatlardan kelishi uchun alohida avtobuslar ham ajratgan.

Qotilni ulug‘lagan Kongress

Netanyaxuning AQSHga tashrifi davomidagi eng asosiy ishlaridan biri Kongressda chiqish qilishi bo‘ldi. Bu uning ushbu davradagi to‘rtinchi nutqi bo‘lib, endilikda Netanyaxu bu borada mutlaq rekordchiga ham aylanib oldi. Sababi, bungacha Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Uinston Cherchill Kongressda uch marta nutq so‘zlagan.

Tashrifning eng alamli hamda tarix va kelajak tomonidan kechirilmas lahzalari ham Netanyaxuning aynan AQSH Kongressidagi uzoq davom etgan nutqining boshida ro‘y berdi. Salkam 40 ming begunoh odamning o‘limiga va yana millionlab insonlarning turmush tarzini jahannamga aylanishiga sababchi bo‘lgan Netanyaxu Kongressdagilar tomonidan gulduros qarsaklar sadosi ostida kutib olindi. Ko‘p qutbli dunyo tartibi shiddat bilan shakllanayotgan va dunyo ustidan boshqaruv ulushi juda katta tezlikda kamayib borayotgan Qo‘shma Shtatlar uchun bu chinakam sharmandali holat edi. Kongressmenlar nafaqat nutqning boshida, balki o‘rtalarida ham Netanyaxuni qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlashdi. U tomonidan Eronga qarshi qarata aytilgan so‘zlar paytida esa qarsaklar va hayqiriqlar yanada kuchaydi.

Netanyaxu Kongressdagi nutqi davomida asosiy nishonni Eron, HAMAS va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bir nechta harakatlarga qaratdi. U Tehrondagi hukmron rejimni Yaqin Sharq va butun dunyo xavfsizligiga asosiy tahdid deb atadi va AQSHga Eron tahdidiga qarshi turish uchun o‘z mamlakati bilan harbiy ittifoq tuzishni taklif qildi. Shu o‘rinda, Bosh vazir Kongress tashqarisida unga qarshi haqli namoyishlarga chiqqan insonlarni tanqid ostiga olib, ularni Eron nog‘orasiga o‘ynayotgan ahmoqlar deb atadi. Amerikaliklar tomonidan ular uchun vakil qilib saylangan kongressmenlar esa bu asossiz so‘zlarga ham o‘z qarsaklarini ayamadi.

Netanyaxu o‘zining jirkanch nutqini davom ettirar ekan, yana bir qancha masalalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, bugun Yaqin Sharqda sivilizatsiyalar to‘qnashuvi sodir bo‘lyapti. Netanyaxu bu jarayonda Vashingtonni Isroilga G‘azo sektoridagi HAMAS guruhini tezda mag‘lub etishi uchun harbiy yordam yetkazib berishni tezlashtirishga chaqirdi. Genotsidda ayblangan Isroil Bosh vaziri yahudiylarning dushmanlari AQSHning ham dushmani ekanligi va Isroilning g‘alabasi Oq uyning ham muvaffaqiyati ekanligini ta’kidladi. Ha, Isroilning jinoyatlari va g‘ayriinsoniy vahshiyliklari Amerikaning ham jinoyati va sharmandaligidir.

Tilidan bol emas, qon tomayotgan Netanyaxu Kongressdagi chiqishi davomida dunyo musulmonlariga ma’naviy jarohat yetkazadigan so‘zlarni ham aytib o‘tdi. U Quddus endilikda Isroilning abadiy poytaxti va u hech qachon hech kimga berilmasligini ochiq-oydin ta’kidladi.

Kun qahramoni

Kongressdagi holat juda rasvo va aqlga sig‘mas darajaga chiqdi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Ammo bu balchiq manzarada yagona quvonarli hodisa ro‘y berdi. Bir to‘da vijdonsizlar davrasida insoniylikni unutmagan yagona inson ham topildi. Sariq chaqaga arzimas har bir so‘zi yig‘ilganlarning qo‘l panjalari orasida qo‘llab-quvvatlangan Netanyaxuga butun Kongress ichida birgina AQSH qonunchisi Rashida Tlaib qarshilik ko‘rsatdi, xolos. U Netanyaxuning Kongressdagi nutqi vaqtida “harbiy jinoyatchi” degan yozuvni ko‘tarib turdi. Rashida nutq yakunida Netanyaxuni olqishlagan kongressmenlardan farqli o‘laroq, o‘rnidan qo‘zg‘almadi va o‘z noroziligini shu harakati orqali yana bir bor ko‘rsatdi. Rashida Harbi Tlaib 1976 yil 24 iyulda tug‘ilgan, etnik falastinlik bo‘lgan amerikalik siyosatchi va huquqshunos. 47 yoshli demokrat siyosatchi va huquqshunos hozirda AQSH Kongressida Michigan shtatining 12-okrugi vakili sifatida ishlaydi. U Kongressdagi falastinlik birinchi ayol va Ilhan Ummon bilan birga Kongressga saylangan birinchi ikki musulmon ayoldan biri. U Detroytda falastinlik ishchi muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Ma’lumotlarga qaraganda, uning haligacha Isroil tomonidan bosib olingan G‘arbiy Sohilda oilasi bor.

Falastinliklar uchun ro‘shnolik yo‘q

Netanyaxu tashrifi davomida uchrashishi rejalashtirilgan shaxslar ro‘yxatida AQSHning sobiq va katta ehtimol bilan navbatdagi Prezidenti sifatida ko‘rilayotgan Donald Tramp ham mavjud. Xabarlarga ko‘ra, ular 26 iyul kuni Florida shtatidagi Palm-Bich kurortida uchrashishi kutilmoqda. O‘z navbatida, Tramp ham Netanyaxuni ko‘zi to‘rt bo‘lib kutayotgani ma’lum bo‘ldi. U o‘zi tomonidan asos solingan Truth Social platformasida Netanyaxuning taxallusini keltirgan holda “Bibi Netanyaxuni Florida shtatidagi Palm-Bichdagi Mar-a-Lagoda qarshi olishni intiqlik bilan kutmoqdaman”, deb yozdi. Ikki siyosatchi o‘rtasidagi bunday iliq munosabat Falastin uchun og‘riqli signaldir. Bundan tashqari, Tramp Isroil poytaxtini Quddusga ko‘chirganini tan olib, o‘z elchixonasini Quddusda ochgan birinchi davlat rahbari hisoblanadi. Yuqorida keltirgan yetarlicha faktorlarning umumiy xulosasi falastinliklar uchun yaqin orada AQSH tomonidan ijobiy yangilik bo‘lmasligiga ishora qiladi. Tramp Oq uyga qaytgan taqdirda Isroilni katta ehtimol bilan Baydendan kam qo‘llab-quvvatlamaydi. U Prezident etib saylansa, Falastindagi mojaroni zudlik bilan hal qilishini va’da qilgan. Ammo isroilparast Tramp tomonidan amalga oshiriladigan bu kelishuv Falastin manfaatlariga mos kelishi dargumon.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Netan'yaxu G'azodagi vahshiyliklar aybdori Qotilni ulug'lagan Kongress Rashida Tlaib

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing