Qiyomatga qolayotgan qasos

Tahlil

Qosim Sulaymoniy, Muhsin Faxrizoda, Muhammad Rizo Zohidiy va Ismoil Xoniya. Yaqin Sharqdagi siyosiy muhitning ob-havosiga yetarlicha ta’sir qilishga qodir bo‘lgan mazkur to‘rt shaxsning o‘limi o‘z vaqtida dunyo hamjamiyati tomonidan kuchli xavotir bilan qarshi olindi. Bundan 4 yil muqaddam, 2020 yilning yanvarida general Qosim Sulaymoniy, o‘sha yilning noyabrida fizik olim, “Eron bombasining otasi” deb ataladigan Muhsin Faxrizoda, 2024 yilning aprelida Eron islom inqilobi korpusining yuqori mavqedagi generali Muhammad Rizo Zohidiy va endilikda HAMAS harakati rahbari Ismoil Xoniya.

Yuqoridagi shaxslarni birlashtirib turuvchi nuqta bu – ularning barchasi umumiy ma’noda Eron, Isroil va AQSH o‘rtasidagi mojarolarning qurboni bo‘lganligidir. Sulaymoniy, Faxrizoda, Zohidiy va Xoniya o‘limidagi asosiy gumonlanuvchilar AQSH va Isroil tandemi hisoblanadi. Avval ham bir necha bor muhokama qilingan va butun dunyo tomonidan e’tibor markaziga olingan mazkur masala bugungi favqulodda ro‘y berayotgan keskin siyosiy vaziyatlar fonida yana yodga olinishga muhtoj. Ammo bu safar Yaqin Sharqda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ushbu yuqori martabali mashhur shaxslarning o‘limi va ularga sabab bo‘lgan holatlar yoki gumondorlar-u ayblanuvchilarga emas, balki ushbu o‘limlar uchun Eron rasmiylari tomonidan olinishi aytilgan xun va bu qasamlarning ustidan chiqilmaganiga to‘xtalamiz.

Dastlab general Qosim Sulaymoniy. Aynan u Erondagi shov-shuvli o‘limlarning debochasi hisoblanadi. Eronda milliy qahramon, ammo G‘arb tashviqoti oqibatida tashqi dunyo uchun yovuz persona sifatida talqin qilingan ushbu general o‘z vaqtida Yaqin Sharqning eng qudratli kishisi sifatida tan olingan. Bu e’tirof o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmagan. Sulaymoniy hayoti davomida Yaqin Sharqdagi tinchlik va tartib uchun eng ko‘p kurashgan shaxslarning oldingi qatorida turgan holda G‘arbning bu mintaqadagi asosiy raqibi hisoblangan.

Mintaqadagi AQSH va Isroilga qarshi qurolli va siyosiy guruhlar “qarshilik o‘qi”ning asosiy me’mori bo‘lgan Sulaymoniy o‘nlab yillar davomida Iroq, Livan, Suriya va Yamandagi guruhlarga siyosiy va harbiy yordam ko‘rsatgan va falastinliklarga qo‘ldan kelgancha yordam berib kelgan. Ko‘rinib turibdiki, bu ishlari bilan marhum general mintaqada chorak asrdan buyon o‘ta faol va boshqaruv paketining asosiy qismiga egalik qiluvchi Qo‘shma Shtatlarning manfaatlariga chang solgan. Qosim Sulaymoniy tirik bo‘lgan har daqiqa Yaqin Sharqda Qo‘shma Shtatlar va Isroilning nafas olishini og‘irlashtirgan. Sulaymoniyga AQSH va Isroil tomonidan bir-biridan xilma-xil ayblovlar qo‘yilgan. Qisqa qilib aytganda, aybdori topilmagan jinoyatlarning barchasi Qosim Sulaymoniyning gardaniga yuklangan. Shunday qilib, Yaqin Sharq arslonining mintaqa dashtlarida davr-u davron surishi 2020 yilgacha davom etdi.

AQSHdagi sensatsion saylov natijalari ortidan hokimiyatga kelgan Donald Tramp o‘zining so‘nggi prezidentlik yilida Sulaymoniyning masalasiga ham, hayotiga ham nuqta qo‘ydi. AQSH harbiy kuchlari tomonidan Bag‘dod xalqaro aeroporti hududida amalga oshirilgan operatsiya oqibatida eronlik general, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy o‘ldirildi. Vashingtonda u 2019 yil 31 dekabr kuni Bag‘doddagi Amerika elchixonasiga hujum uyushtirishda ishtirok etgan, deb taxmin qilingani bois Tramp ushbu operatsiyaga buyruq bergandi. Eron tomoni esa bunga javoban o‘z xalqi oldida AQSHdan o‘ch olishga va’da berdi. Bu voqealar ortidan shundoq ham ziddiyatli bo‘lgan AQSH-Eron munosabatlari yanada boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Butun dunyo 3 yanvardan keyingi tonglarni xavotir bilan qarshi ola boshladi.

Ikki o‘rtadagi to‘qnashuvda mutaxassislar tomonidan bir qancha ssenariylar taxmin qilindi. Hammaning ko‘z-qulog‘i Tehronda va barcha uning qasosi qay tarzda amalga oshirilishini kutayotgandi. Oradan 5 sutka o‘tib, o‘sha kun ham keldi. 2020 yilning 8 yanvarida “Shahid Sulaymoniy” deb nomlangan qasos operatsiyasida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSHning Iroqdagi ikkita harbiy bazasiga hujum uyushtirdi. Al-Asad aviabazasiga 12 ballistik raketa uchirildi. Bu zarba AQSHning xorijdagi kuchlariga qarshi amalga oshirilgan eng yirik ballistik raketa hujumi edi. Ammo bu qarshi hujumda AQSHning hech bir askari halok bo‘lmadi. Yakunda Pentagon 110 nafar harbiyga hujum oqibatida miya travmatik jarohati tashxisi qo‘yilgani haqida xabar berdi.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining o‘sha paytdagi Davlat kotibi Mayk Pompeo hujumning maqsadi o‘ldirish bo‘lgani, biroq bu amalga oshmaganini aytgandi. Chunki Amerika Qo‘shma Shtatlari Kosmik kuchlari bu haqda harbiy bazadagilarni erta ogohlantirishga muvaffaq bo‘lishgan. Rasmiy Tehron bu qasos zarbasidan keyin AQSHga qarshi yana bir qancha administrativ javoblar ham berdi. Xususan, Eron parlamenti Pentagonni terrorchi tashkilot, AQSHni terrorizm rahnamosi deb tan oldi. Bu kabi tamg‘a AQSH tomonidan 2001 yilda aynan Eronga nisbatan qo‘yilgandi. Rasmiy Tehron eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgani uchun AQSHdan qasos olingani, AQSH tomonidan boshqa tajovuz bo‘lmasa, yangi harbiy harakatlarga qo‘l urilmasligini e’lon qildi. Bundan pinagini ham buzmagan AQSH Prezidenti Donald Tramp hodisa yuzasidan xalqiga murojaat yo‘llab, Eronning Iroqdagi Amerika harbiy bazalariga hujumida hech kim halok bo‘lmaganini ma’lum qilib, Eron chekingani va bu butun dunyo uchun yaxshi ekanini ta’kidladi. Ammo bu voqealar tabiiy holda sodir bo‘lmagani keyinchalik Tramp tomonidan prezidentlikdan ketgandan keyingi chiqishlaridan birida oshkor qilib qo‘yildi. Uning aytishicha, Iroqdagi AQSH harbiy bazalariga Eronning qasos o‘tida yo‘llangan shov-shuvli zarbalari oldindan kelishilgan va AQSHning ruxsati bilan amalga oshirilgan.

Muhsin Faxrizoda

Tramp prezidentligining so‘nggi kunlarida Sulaymoniyning o‘limini izohlar ekan, Eron o‘zining yadroviy dasturini tugashi kerakligini ham eslatib o‘tgandi. Ha, keyinchalik bu shunchaki eslatma emas, balki fors yurtidagi keyingi nishon uchun ishora bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Fizik olim, universitet professori va Eron uchun juda dolzarb hisoblangan ballistik raketalar yadro kallaklarini ishlab chiqish bo‘yicha maxfiy “Amad loyihasi” rahbari. Tashqi dunyoda “Eron bombasining otasi” nomini olgan va dunyoning mashhur nashrlari tomonidan yadro bombasi ixtirochisi Oppengeymerga taqqoslangan. Muhsin Faxrizoda Sulaymoniy o‘limidan 11 oy o‘tib, 2020 yilning 27 noyabr kuni Tehron yaqinida hujum qurboni bo‘ldi. Hodisa joyida dastlab xudkush terrorchi o‘zini portlatgan, keyin boshqalar olimning avtomobilini o‘qqa tutgan. Sulaymoniydan farqli o‘laroq, Faxrizodaning o‘limida suiqasdni amalga oshirilishiga buyruq bergan aniq shaxs ma’lum emas. Eron hukumati avvaliga bu qotillikda mujohidlar va Isroilni ayblagan va bu ayblovda yetarlicha jon bor. Eronning strategik maqsadlari uchun eng asosiy tayanch ustun bo‘lgan ushbu fizik olimning o‘limidan faqat va faqat Isroil, AQSH va tashqi dunyoning Eronga pinhona ravishda qarshi bo‘lgan qismi manfaatdor bo‘lgan desak adashmagan bo‘lamiz. 2021 yilning fevraliga kelib, Eron Razvedka vaziri Mahmud Alaviy Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishida Eron Qurolli kuchlari a’zosi ishtirok etganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, razvedka xodimlari fizikka suiqasd bo‘lishi to‘g‘risida bilgan. Vazirlik ushbu hujum qayerda sodir bo‘lishidan ham xabardor bo‘lgan, ammo suiqasdning sodir bo‘lish vaqti ularga noma’lum edi. Vazirlik bu haqda tegishli organlarga qotillikdan besh kun oldin xabar bergan.

“The New York Times”ning yozishicha, Isroil Tashqi razvedka xizmati (Mossad)ning o‘sha paytdagi boshlig‘i Yosi Koen 2019 yil oxiri va 2020 yil boshida Amerika rahbariyatiga maxsus xizmatlar tomonidan Eron yadroviy dasturi rivojlanishiga to‘sqinlik qilish maqsadida tayyorlangan operatsiyalar ro‘yxatini taqdim etgan. Ro‘yxatda esa Faxrizodaga suiqasd qilish rejasi ham o‘rin olgandi. 2020 yil fevral oyining oxirida, o‘sha paytda Donald Tramp boshchiligidagi Amerika ma’muriyati vakillari yadroviy fizikni o‘ldirish rejasini ma’qullagan. 2010 yildan 2012 yilgacha Eronda yadro quroli bo‘yicha to‘rt mutaxassis o‘ldirilgan. Faxrizoda so‘nggi 10 yil ichida o‘ldirilgan beshinchi eronlik yadro olimi edi. Eron barcha qotilliklar uchun Isroilni aybladi. Isroil esa ushbu qotilliklarga aloqador ekanini rad etdi. Yahudiy davlati va uning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar yadro qurolining Tehron qo‘lida qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun favqulodda choralar qo‘llanilishini istisno etmaydi.

Faxrizodaning o‘limi ortidan eronliklar uning xunini so‘rab ko‘chaga chiqishdi. O‘z navbatida, Eron hukumati “qattiq qasos” olishga va’da berdi. Tehronlik mudofaa va xavfsizlik bo‘yicha ekspert Husayn Daliryan Faxrizodaning o‘ldirilishi ortida Isroil razvedka agentligi Mossad turganiga shubha qilmasligini va Isroil buning uchun javob berishini aytdi. U qasosning vaqti va joyini Eron hal qiladi, degandi. Daliryan Faxrizoda uchun o‘ch olish faqat G‘arbiy Osiyo bilangina cheklanib qolmasligini aytib, bunda Eronning AQSH uchun atagani borligiga ishora qilgan. Vashingtonda joylashgan bir qancha tadqiqot institutlari Eron Faxrizodaning o‘ldirilishiga harbiy javob berishi mumkinligi haqida gapira boshladi. Ammo ba’zi mutaxassislar Eron Faxrizodaning o‘ldirilishiga Sulaymoniynikidek javob bermasligi chunki vaziyat biroz boshqacha ekanligini aytishdi. Haqiqatdan ham Faxrizodaning o‘limida hech kim javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagandi. Bu holatda javob zarbasi nishoni aniq bo‘lmas va bunda Eron uchun yaxshigina chiqish eshigi mavjud edi. Va qasoskor Eron shu eshikdan foydalanishga qaror qildi. Natijada u bo‘ldi, bu bo‘ldi yakunda Eron xavfsizligi va uning mintaqada o‘z kuchiga va so‘ziga ega bo‘lishi uchun hayotini baxshida qilgan Muhsin Faxrizodaning o‘limi javobsiz qoldi. Fizik daho rasmiy Tehronning so‘nggi yillardagi siyosiy pragmatizmi ortida unutildi.

Muhammad Rizo Zohidiy 

Muhammad Rizo Zohidiy Qosim Sulaymoniydan keyin o‘ldirilgan Eronning eng yuqori martabali harbiy qo‘mondoni edi.

Eron, Suriya va mintaqa rasmiylarining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy 2024 yilning 1 aprelida Eron harbiy qo‘mondonlari Eronning Damashqdagi konsulligida “yuqori darajadagi yig‘ilish” o‘tkazishgan. Eron rasmiylarining xabar berishicha, mamlakatning Suriya va Livandagi maxfiy amaliyotiga mas’ul bo‘lgan general Muhammad Rizo Zohidiy ham ishtirok etgan ushbu yig‘ilishda qo‘mondonlar “operativ logistika va muvofiqlashtirish” masalalarini muhokama qilish uchun Damashqda to‘plangan.

Eron rasmiylariga ko‘ra, ular G‘azo sektorida joylashgan “Falastin Islomiy Jihodi” guruhi a’zolari bilan uchrashishgan. Ammo uchrashuv chog‘ida ular joylashgan bino Isroil havo hujumi oqibatida vayron qilinadi. Eron elchisi Husayn Akbariy konsullik binosi Isroilning F-35 jangovar samolyotlaridan otilgan oltita raketa bilan nishonga olinganini da’vo qilgandi. Bir qancha G‘arb OAVlari hujum qilgan samolyotlar Isroilga tegishli ekanligini ta’kidladi va ular bergan ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta isroillik rasmiy shaxslar hujum uchun Isroil aybdorligini anonim ravishda tasdiqlagan. Isroil harbiy vaziri ushbu bino hech qanday konsullik ham, elchixona ham emas, balki “Damashqdagi fuqarolik inshooti sifatida niqoblangan” Quds kuchlarining harbiy binosi ekanligini da’vo qildi. Hujumning asosiy nishoni Eron islom inqilobi korpusining Quds kuchlari qo‘mondoni, brigada generali Muhammad Rizo Zohidiy edi. Zohidiy Eron va Hizbulloh o‘rtasidagi munosabatlarda muhim shaxs bo‘lgan. Konsullik hududiga uyushtirilgan hujumdan keyin olingan kadrlar va fotosuratlarda voqea joyida katta zarar, yong‘in va tutun kelib chiqqanini ko‘rish mumkin edi. Eron matbuoti bino butunlay vayron bo‘lgani haqida xabar berdi.

Havo hujumi oqibatida jami 16 kishi halok bo‘ldi. “Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, zarbalar oqibatida korpusning Suriyadagi butun boshli qo‘mondonlik qanoti yo‘q qilingan.

Eron siyosiy hayotidagi muhim shaxslarning o‘ldirilishi o‘z yo‘liga ammo diplomatik vakolatxonaga qilingan hujum xalqaro huquq normalariga zid va qabul qilib bo‘lmas harakat hisoblanadi. Shu sababli, Isroilning mazkur jinoyatini qoralab chiqmagan davlat va xalqaro tashkilot qolmadi. Endi Eronda javob zarbasi uchun inkor etib bo‘lmas huquqiy asos paydo bo‘lgandi. Katta mojarodan doimiy ravishda qochib kelgan Oliy rahnamo va uning jamoasi oldida endilikda mushkul vazifa qad rostlagandi. Eron oldida bu safar Isroilning surbetligiga javob qaytarishdan boshqa yo‘l qolmagandi. Diplomatik vakolatxonaga uyushtirilgan ushbu hujumga javob bermaslik uchun Faxrizodaning o‘limidagi kabi chiqish eshiklari yo‘q edi. Hammasi ma’lum, aybdor bor, qilingan hujum xalqaro huquqqa zid va javob berish huquqi Eronning o‘zida saqlanib qoladi. Javob bermaslikning va generallar uchun qasos olmaslikning endi iloji yo‘q edi.

Bu paytda Isroil AQSHga Eronning javob hujumi Isroildan kuchli javob qaytarishini aytdi. Eron esa kutilganidek Isroilni ochiqchasiga ayblab, qasos olishga va’da berdi. Eronning bir nechta shaharlarida, jumladan, poytaxt Tehronda, shuningdek, Tabriz va Isfahonda, Falastin va Eron bayroqlarini ko‘tarib, qasos olishni talab qilgan ko‘plab namoyishchilar to‘planishdi. Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy bu safar ham hujumga munosib javob berishga va’da berdi. Eronning qasos hujumi ehtimoliga javoban yettita Isroil elchixonasi evakuatsiya qilindi. AQSH razvedkasi 8-12 aprel kunlarida AQSH yoki Isroil aktivlariga jiddiy hujum bo‘lishini taxmin qilgandi. 2024 yilning 5 aprelida Eron Isroilga qarshi javob qaytarishga tayyorlanayotganini e’lon qildi va AQSHga ikki davlat o‘rtasidagi mojaroga burun tiqmasligini uqtirdi. 2024 yil 13 aprelda Eron harbiylari “haqiqat va’dasi” deb nomlangan operatsiyani boshladi. O‘z tarixida birinchi marta Isroilga o‘z tuprog‘idan hujum qilib, uni 300 dan ortiq qarama-qarshi qurollar, jumladan kamida 170 ta uchuvchisiz dronlar, 30 ta qanotli raketalar va 120 ballistik raketalar bilan o‘qqa tutdi. Eron rasmiylari qasos olinganini e’lon qildi. Tarixdagi eng yirik dron hujumi Eronning g‘alabasi, Isroilning esa mag‘lubiyati deb ta’riflandi. Biroq keyinroq ma’lum bo‘ldiki, Isroilning agressiv rejimini boshdan oyoq himoya qiluvchi “temir gumbaz” havo mudofaasi tizimi Erondan uchirilgan deyarli barcha qurollarni o‘z maqsadlariga erishishdan oldin tutib qolgan va yo‘q qilgan. Isroil harbiylari, raketalarning katta qismi AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya yordami bilan mamlakat chegaralaridan tashqarida tutib olinganini aytdi. Iordaniya ham Isroilga qaratilgan raketalarning bir qismini ular mamlakat havo hududidan uchib o‘tayotganda urib tushirdi. Hujum paytida Isroil bo‘ylab shaharlarda, jumladan Tel-Avivda portlashlar eshitildi. Isroil janubidagi bazada infratuzilmaga kichik zarar yetgani aytildi. Shuningdek, 300 dan ortiq turli qurollar bilan uyushtirilgan havo hujumida qurbonlar yo‘qligi va yetti yoshli qiz raketa parchalari bilan og‘ir yaralangani va boshqalar yengil jarohatlar olgani ma’lum qilindi.

Eron bu hujum orqali bir necha yillardan buyon davom etib kelayotgan Isroil provokatsiyalari va AQSHning bosimlariga o‘ziga xos javob bergandek taassurot uyg‘otdi. Negaki, ekspertlar Xomanaiyning sust javobi AQSH va Isroil uchun ayni muddao bo‘lib kelayotgani forslarning yuqori martabali shaxslariga nisbatan uyushtirib kelinayotgan suiqasdlar rasmiy Tehronning jiddiy javobi bilangina to‘xtashini taxmin qilgandi. Zohidiyning o‘limi bahosida imi-jimida shunday javob ham qaytarildi. Ammo…

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu mazkur hujumdan so‘ng tvit orqali Isroil “g‘alaba qozonadi” dedi. Avvalroq u xalqqa murojaat qilib, harbiylar har qanday ssenariyga tayyor ekanini ta’kidlagandi. Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yoav Gallant va bir qancha mas’ul shaxslar Eronning ushbu raketa hujumlariga javob berishni muhokama qilish uchun yig‘ildi. Ammo javob zarbasi qachon va qayta tarzda amalga oshirilishi haqida hech qanday ma’lumotlar berilmadi. Biroq Eronning Isroilga uyushtirgan keng ko‘lamdagi havo hujumidan roppa-rosa bir oy o‘tib, joriy yilning 19 may kuni Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda Raisiy bilan birga Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Al Hoshim ham halok bo‘ldi. Odatda mamlakatdagi oddiy namoyishlar bo‘lsin yoki katta yo‘qotishlarga sabab bo‘ladigan voqealar, fojialarda birinchi daqiqalardayoq va yetarli faktlarsiz ochiqdan-ochiq AQSHni va uning vassali bo‘lgan Isroilni ayblab chiqadigan Eron bu safar Raisiy va boshqa muhim shaxslarning o‘limini noqulay ob-havoning uchishga xalal bergani-yu, vertolyotning texnik nosozligi kabi omillar bilan bog‘ladi.

Ismoil Xoniya

HAMAS harakati siyosiy byurosining marhum rahbari Ismoil Xoniya AQSH va Isroilning tomog‘iga tiqilgan va uni yaxshigina qiynayotgan suyak edi. U ortda qolgan 10 oy davomida agressiv va qotil Isroilni yaxshigina savaladi. Xoniyani o‘z yo‘lidan olib tashlash uchun rasmiy Tel-Aviv bir qancha usullardan foydalandi. Dastlab uning oila a’zolari va eng yaqin insonlari birin-ketin yo‘q qilindi. Biroq Xoniyaning to‘xtashidan darak yo‘q edi. Ammo joriy yilning 31 iyul kuni, bundan bir hafta muqaddam Ismoil Xoniyani ruhan yo‘q qila olmaganlar, bu ishni jismonan amalga oshirdi. Mudhish voqea Eron poytaxti Tehronda sodir bo‘ldi. Isroilning Falastin xalqi va G‘azo sektoriga bo‘lgan tajovuziga qarshi mardonavor turishga o‘z umrini bag‘ishlagan qahramon katta ehtimol Isroil razvedkasi Mossad tomonidan o‘ldirildi. Marhum HAMAS byurosi yetakchisi Ismoil Xoniya yangi saylangan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida qatnashish uchun mamlakat poytaxtida hozir bo‘lgandi. Unga qarshi uyushtirilgan suiqasd 31 iyulga o‘tar kechasi tunda sodir etildi. U bilan birga voqea joyida bir nafar tan soqchisi ham vafot etdi.

Eron tomonining ma’lum qilishicha, Xoniya havo hujumi oqibatida o‘ldirilgan. Biroq g‘arb nashrlari uning o‘limiga mehmon uyiga oldindan joylashtirilgan bomba sabab bo‘lganini, Mossad bombani joylashtirish uchun Eron agentlarini yollaganini yozmoqda. Rasmiy Tehron esa bu versiyani rad etmoqda. Biroq ikki versiyada ham Xoniyaning o‘limi ortida Isroil turgani aytiladi. 

Tahlilchilarga ko‘ra, HAMAS yetakchisi Isroil tomonidan o‘zi doimiy istiqomat qilib kelayotgan Qatarda ham o‘ldirilishi mumkin edi. Ammo yahudiy davlati Eronga nisbatan provokatsiya uyushtirgan holda, uni katta mojaroga tortish maqsadida bu ishni aynan Tehronda amalga oshirgan. O‘z navbatida rasmiy Tehron ham Xoniyaning aynan mamlakat poytaxtida o‘ldirilgani uchun Isroildan qasos olishga bel bog‘ladi. Ammo Qo‘shma Shtatlar Eronni bunday qaror qabul qilishdan tiyish uchun harakat qilayotgani aytilmoqda. Xususan, o‘tgan hafta payshanba kun AQSH delegatsiyasi Turkiyadan shaxsiy samolyotda yashirincha Eronga jo‘nab, Tehron yaqinidagi Karan shahriga yetib kelgan.

Eron razvedkasi va tashqi siyosat idorasi vakillari bilan ikki soatlik uchrashuvda Amerika tomoni Oq uy Xoniyaning o‘ldirilishidan bexabar bo‘lgani, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning harakatlaridan xavotirda ekani va u allaqachon nazorat chiqib ketgani, Eron esa bu sharoitda vazmin bo‘lishi lozimligini uqtirgan. Delegatsiya shuningdek, Baydenning pozitsiyasini ham aytib, u Eron bilan urushni istamasligi va Netanyaxuning harakatlaridan norozi ekanligini ham Eron tomonga yetkazgan. Ammo muzokara so‘ngida Isroilga hujum qilingan taqdirda, AQSH uni himoya qilishi, ammo ular katta urushdan qochishga intilishlarini ham qat’iy tarzda ta’kidlaganliklari aytilmoqda. Biroq bungacha Eron bir to‘xtamga kelib bo‘lgandek taassurot uyg‘onmoqda. Sababi, hozirgacha Tehron AQSHning biron bir xabariga va vositachi mamlakatlarning Isroilga qarshi harbiy javobni yumshatish haqidagi iltimoslariga ijobiy javob bermagan.

Shuningdek, anonim diplomatik manbalarning “The Wall Street Journal”ga ma’lum qilishicha, rasmiy Tehron AQSH hamda Arab diplomatlariga Eronning Isroilga qarshi harbiy javobi katta urushga olib kelishi yoki kelmasligi uni ortiq qiziqtirmasligini bildirgan. Voqealarni bunday tus olishi Eron endilikda tashqi ta’sirlarga qo‘l siltagancha o‘zi to‘g‘ri deb bilgan yo‘lni tanlashiga ishora qilmoqda. Uning Isroilga hujum qilishi va Netanyaxu rejimidan shu kungacha qilgan qing‘irliklari uchun o‘ch olishi biron bir qonuniy qo‘llov kerak edi xolos. Bunday qo‘llov allaqachon Eron rasmiylarida mavjud.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Xoniyaga qilingan qotillik yuzasidan tergovning yakuniy xulosasiga ko‘ra, HAMAS siyosiy byurosi rahbari og‘irligi taxminan 7 kg bo‘lgan jangovar kallakli qisqa masofaga uchuvchi o‘q bilan o‘ldirilgan. Korpusning bayonotida Xoniyaning o‘ldirilishi Isroil tomonidan AQSH hukumati ko‘magida uyushtirilgani ham ta’kidlandi.

“Ushbu harakat sionistik rejim tomonidan ishlab chiqilgan va amalga oshirilgan, shuningdek, Amerikaning jinoiy hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Avantyurist va terrorchi sionistik rejim bu jinoyati uchun javob beradi va o‘z vaqtida, tegishli joyda va munosib tarzda qattiq jazolanadi”, deyiladi bayonotda.

Endi fors yetakchilari oldida bu ish uchun Isroildan o‘ch olish kuni va bu qasos qanday sharoitda amalga oshirilishi mumkinligi haqidagi savollarga yakdil javob berish qoldi xolos. Ayrim nashrlarning taxminiga ko‘ra, Eron HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘limi uchun o‘ch olish maqsadida bugun, 5 avgust kuni Isroilga hujum qilishi mumkin. Bu faqatgina Xoniya uchun emas, balki u bilan deyarli bir vaqtda o‘ldirilgan “Hizbulloh” qo‘mondoni Fuad Shukr uchun ham olinajak qasos bo‘lishi kutilmoqda. Ammo amerikalik rasmiylar Eronning javob harakatlari 13 aprel kuni Isroilga qilingan joriy apreldagi raketa va dronlar hujumi ssenariysi bo‘yicha amalga oshirilishini aytdi. Biroq bu safargi hujum kengroq miqyosda va “Hizbulloh” ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.

Eron har gal Isroil va AQSHdan qasos olish uchun ahd qilganda, buning amalga oshish yoki oshmasligi katta so‘roq ostida bo‘lib keldi. Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi uchun aytilgan qasosning olinishi ham noma’lum. Oliy rahnamo Oyatulloh Ali Xomanaiyning jiddiy ritorikasi va bergan va’dasiga qaramay, bu ishning amalga oshishi 100 foizlik ishonch doirasida emas. Zotan, o‘tgan yillar davomidagi voqeliklar va Eronning so‘zda bor amalda yo‘q qasoslari shunday xulosaga olib keladi. Ammo bu safargi vaziyat va sharoit oldingilaridan keskin farq qilishini ham unutmaslik kerak. Negaki ortda qolgan kunlarda Isroil to‘g‘ridan-to‘g‘ri Eronning yuragi Tehronga zarba berdi. Bu esa Netanyaxu qizil chiziqni qo‘pol tarzda buzganligini anglatadi. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay Xoniya va ortda qolgan yillarda ko‘p ehtimol AQSH va Isroil tomonidan yo‘q qilingan eronlik yuqori martabali shaxslarning o‘limi uchun xunlar olinmay qolganida Eronni tanqid ostiga olish unchalik ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Negaki, rasmiy Tehronning bu vazminligini ojizlik emas, balki siyosiy pragmatizm bilan bog‘lash to‘g‘riroq bo‘ladi. U qanday davlat bo‘lmasin xalqaro munosabatlarda tinchlikka intilish va yirik eskalatsiyadan qochish har bir hukumatning asosiy istagidir, ayniqsa Eron sharoitida. Zero, har qanday urush va siyosiy beqarorlik kuch va temir musht bilan boshqariladigan istalgan tuzum uchun jiddiy talafotlar yetkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing