“Qashqirlar makoni. Vatan” maxsus filmi O‘zbekistonda bepul namoyish etilmoqda

Jamiyat

Poytaxt Toshkentda “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Turkiya Respublikasi Madaniyat vazirli Kino boshqarmasi, Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida 25 apreldan 28 aprelgacha Turk filmlari haftaligi tashkil etildi. Mazkur haftalik kecha, 25 aprel kuni soat 18:00 da Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida “Navvoy bobo: ishq asrori” filmi bilan start oldi. 

Haftalik davomida o‘tgan yili turk kinoijodkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan va katta shov-shuvlar sabab bo‘lgan “Qashqirlar makoni. Vatan” filmi ham namoyish etiladi. 

Bilasiz, turk kinoijodkorlari tomonidan qariyb 10 yildan buyon suratga olinib kelinayotgan “Qashqirlar makoni” serialida dunyoning ko‘plab mintaqalarida ro‘y berayotgan voqealarga e’tibor қаратилади.
 
Serialning boshlang‘ich qismlarida mafiyaning davlat faoliyatida tutgan o‘rni va boshqa maishiy mavzular yoritilgan bo‘lsa, keyingi qismlar xalqaro munosabatlar, xususan, AQSH razvedkasi, Turkiya, Iroq, Suriya, Rossiya, Eron, BAA kabi mamlakatlarning o‘zaro aloqalari, xalqaro terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashga urg‘u berilgan.

Yillar davomida suratga olib kelinayotgan serialdan tashqari 2018 yilda “Qashqirlar makoni” seriali ijodkorlari “Qashqirlar makoni. Vatan” filmini taqdim etdilar. Unda 2016 yilning 15 iyul kuni Turkiyada sodir bo‘lgan davlatga qarshi to‘ntarish yoritib berilgan. Filmda bosh rolni doimgidek Nejati Shashmaz ijro etgan. 
 
Xabaringiz bor, 2016 yilning 15 iyul kuni Turkiyada mamlakat harbiylari tomonidan Konstitutsion tizimga qarshi davlat to‘ntarishiga urinish amalga oshirilgandi. Mazkur to‘ntarish to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hukumatga va Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga qaratilgan edi.
 
15 iyul kuni soat 20:00 atrofida davlat to‘ntarishiga urinish markaziy shahar Istanbul va poytaxt Anqarada boshlandi. Harbiylar “TRT1” telekanaliga hujum qilib, TV orqali davlat to‘ntarishi amalga oshirilgani va hukumat Turkiya qurolli kuchlari ko‘liga o‘tganini zo‘rlik bilan e’lon qildirdilar.
 
O‘sha vaqtda davlat rahbari ta’tilda, Marmarisda edi. Rajab Toyib Erdo‘g‘an joylashgan mehmonxona ham bombalandi. Bu vaqtda esa Prezident mehmonxonani tark etgandi.
 
Davlat rahbari ushbu fitnaga qarshi turishda faqat xalqdan madad olishini, xalq har qanday davrda eng katta kuch bo‘lgani, bunday kuchni boshqa uchratmaganini aytib, odamlarni Vatan mustaqilligini saqlab qolish, bayrog‘ini poymol etmaslik, yurt kelajagini sotqinlarga berib qo‘ymaslikka chaqirib, ularni televideniye orqali maydonlarga, aeroportlarga da’vat etdi.
 
Anqarada Qiziloy maydoni, Istanbulda Bo‘g‘oz ko‘prigi davlatga qarshi chiqqan harbiylar tomonidan egallandi. Turkiyaning Suriyaga chegaradosh bo‘lgan Shonli Urfa viloyatidagi chegara postiga ham hujum uyushtirildi, bir qancha harbiylar o‘ldirildi. Maqsad – Suriya va Turkiya chegarasida payt poylab yotgan ISHID jangchilarini mamlakatga suqish, falokatlar geografiyasi va jabrlanuvchilar sonini ko‘paytirish, hukumat e’tiborini boshqa nuqtaga qaratish va xalqni qo‘rqitishdan iborat edi.
 
Xalq ishonib topshirilgan hokimiyatni osonlikcha sotqinlar qo‘liga berib qo‘yishni istamadi. Ko‘chalar, maydonlar qo‘lida turk bayrog‘ini ko‘targan vatanparvar erkak-u ayollar, yigit qizlarlarga to‘ldi. Dini, irqi, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar hamma Vatan uchun bir yoqadan bosh chiqardi.
 
Bu kun Turkiyada qonli sahifalar bilan, ammo o‘zgacha shon, o‘zgacha sharaf bilan yozilib qoldi. Milliy iroda zafar quchdi. Xalq vakillaridan 249 nafari o‘q yomg‘iridan vafot etdi.  Yana yuzlab odamlar jarohatlandi, biroq mamlakat mustaqilligi saqlab qolindi. Tongga bormay, davlat to‘ntarishiga urinish besamar kechgani e’lon qilindi.
 
Davlat to‘ntarishi AQSHning Pensilvaniya shtatida istiqomat qiluvchi Fathulloh Gulen tomonidan amalga oshirilgani e’lon qilindi. Unga tegishli ta’lim muassasalari yopildi, boshqa mamlakatlarga ham FETO terrorchilik guruhi haqida ma’lumot yetkazilib, Fathulloh Gulenga tegishli ta’lim muassasalarini yopish yuzasidan bayonot kiritdi. (O‘zbekistonda ushbu maktablar Birinchi Prezident Islom Karimov topshirig‘i bilan 2000  yilga qadar yopilgan edi).

“Qashqirlar makoni. Vatan” filmi Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida bugun, 26 aprel va 28 aprel kuni soat 18:00 da namoyish etiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Qashqirlar makoni Nejati Shashmaz

Baholaganlar

487

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing