Qashqadaryoda YPX xodimining pogonini yulib olib, unga kuch ishlatgan fuqarolar qamaldi
Jamiyat
−
30 aprel 2022
14987Ijtimoiy tarmoqlarda Chiroqchi tumanida bir guruh shaxslar YPX mashinasini qurshab olgani va uning ichida o‘tirgan xodimlarni kuch ishlatib mashinadan tortib tushirgani aytilgan xabarlar tarqalgandi. Qashqadaryo viloyati IIB holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 26 aprel kuni soat taxminan 17:00 larda Chiroqchi tumani IIB YHXB YPX inspektorlari tuman markazidagi “Oziq-ovqat dehqon” MCHJ bozori atrofida jamoat tartibini saqlash hamda mashinalar tirbandligining oldini olish maqsadida patrul avtomashinasining ovoz kuchaytirgich moslamasi bilan xizmat olib borgan.
Qayd etilishicha, shu jarayonda mashinasini turgan joyidan olishni istamagn bir necha kishi xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan faol qarshilik ko‘rsatgan va ommaning e’tiborini jalb qilgan. Ulardan biri patrul avtomashinasining old o‘rindig‘ida bo‘lgan YPX katta inspektori Karimovning pogoni, bodikamerasi va ko‘krak nishonini yulib olgan. Shundan so‘ng xodimlar tomonidan qo‘shimcha kuchlar chaqirtirilib, jamoat tartibi tiklangan.
Jamoat tartibini buzishda gumonlanganlarning barchasi IIBga olib borilib, shaxsi aniqlangan. Ularga nisbatan Chiroqchi tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishli tartibda qamoqqa olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tuman sudi tomonidan YPX xodimlarining qonuniy faoliyatiga qarshilik qilgan bir guruh shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi, 194-moddasi 1-qismi, 195-moddasi, 201-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Sud ulardan 7 nafariga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan, 2 nafariga ogohlantirish bergan.