Qashqadaryoda IIO xodimlari va aholi o‘rtasida ommaviy janjal yuz berdi
3-sahifa
−
04 aprel 2022
15783Ijtimoiy tarmoqlarda 10 dan ortiq ichki ishlar xodimlari va aholi vakillari o‘rtasida ommaviy janjal ro‘y bergani, forma kiygan zobitlar aholi vakillaridan bir necha nafarini sudrab olib ketayotgani, boshqalar esa bunga qarshilik ko‘rsatayotgani aks etgan video tarqaldi.
Aniqlik kiritilishicha, ushbu voqea Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani Oqoltin MFYda sodir bo‘lgan. Ichki ishlar organi xodimlari va fuqarolar yer talashib, janjallashgan. Ushbu holat yuzasidan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, hodisa joriy yilning 31 mart kuni Chiroqchi tumani Oq oltin MFYda sodir bo‘lgan.
Oq oltin MFYda joylashgan "Shomurod ota" fermer xo‘jaligi rahbari A.D. o‘ziga tegishli bo‘lgan 20 gektar yer maydonini shudgor qilmoqchi bo‘lganida, bir nechta fuqarolar tomonidan qarshilik ko‘rsatilgan.
“Buning natijasida fermer ichki ishlar organlariga holat bo‘yicha xabar bergan. IIO xodimlari voqea joyiga yetib kelib, jamoat tartibini saqlab, ko‘ngilsiz holatlarning oldini olgan.
Holat yuzasidan qarshilik ko‘rsatgan fuqarolarga qonunda belgilangan tartibda chora ko‘rish uchun Chiroqchi tumani IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ichki ishlar idoralari xodimlari ko‘ngilsiz holatning oldini olish chog‘ida qanday qilib ko‘ngilsiz holatga tushib qolgani, nima uchun vaziyat bu darajaga borib yetganiga aniqlik kiritilmagan.
LiveBarchasi