Qashqadaryoda 25 yoshli yigitni sel oqizib ketdi
3-sahifa
−
17:56 4763 1 daqiqa
Kecha, 19 may kuni Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida kuchli sel kelishi oqibatida 25 yoshli yigit halok bo‘ldi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, soat 20:20 da Dehqonobod tumani Ichki ishlar bo‘limiga “Yangi hayot” MFY Qurilish qishlog‘idagi daryodan sel kelishi oqibatida notanish erkak jinsiga mansub murda oqib kelgani haqida xabar tushgan. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, marhum Sh.O. soat 15:00 larda qo‘ylarini boqish uchun ketgan, biroq 18:00 ga qadar qaytib kelmagan. O‘sha vaqtda qishloqda qattiq yomg‘ir yog‘ib, sel kelgan. Bir qancha vaqtdan so‘ng Sh.O. ning murdasi daryodagi sel bilan birga oqib kelgan. Shundan so‘ng u yashash xonadoniga olib borilgan.
Bildirilishicha, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuniga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘shni Tojikistonda kuzatilgan kuchli yomg‘irlar va sel oqimlari oqibatida to‘rt kishi hayotdan ko‘z yumgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi