Qashqadaryoda 11 kishini chuv tushirgan ona-bola ushlandi

Jamiyat

image

Yaqin yillar ichida avj olgan o‘z farzandini qanchadir mablag‘ evaziga boshqaga sotib yuborish jinoyati haqida hamma eshitgan. Bunday “ona”lar o‘z jinoyatining sababini ko‘p hollarda moddiy taraflama qiyinchiliklarga bog‘laydi. Ammo odamlar orasida yana shunday “ona”lar ham borki, ular o‘z jinoyatiga farzandini ham sherik qilmoqda.  

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmatining xabar berishicha, Shahrisabz tumanidagi “Loliston” MFYda yashovchi X.Z. o‘z qizi T.I. bilan til biriktirib, fuqarolarni chuv tushirib kelgani aniqlangan. Ma’lumotlarga qaraganda, ona va qiz Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli shifoxona va poliklinikalarga fuqarolarni ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilib, ulardan pul undirgan.

Xususan, ular jabrlanuvchi fuqarolar O.A., O.D., X.Sh., Y.N. va B.N. ning har biridan 300 AQSH dollaridan, X.M va N.Sh. larning har biridan 700 AQSH dollaridan, K.K. dan 600 AQSH dollari, Y.S. dan 200 AQSH dollari, Q.M. dan 100 AQSH dollari hamda R.G. dan 500 AQSH dollarini olib o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.

Bundan tashqari, X.Z. ning qizi T.I. joriy yilning 1 va 2 aprel kunlari Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasining bosh shifokori va uning kotibasi hamda boshqa ko‘ptarmoqli poliklinika bosh shifokorlariga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini mansabdor shaxs deb tanishtirgan. Ularga SMS xabar yozib, ushbu xabarda yuqoridagi 11 nafar fuqaroning ismini keltirgan hamda ularni ishga joylashini talab qilgan.
 
Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, ona-bola “tadbirkor”lar aldov yo‘li bilan jami 4300 AQSH dollariga teng mablag‘ni o‘zlashtirishgan.
 
Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB TB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

175

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing