Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari vafot etdi
Jamiyat
−
23 avgust 2020
15119Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Sherali Nurmatov vafot etdi. Bu haqda boshqarma o‘zining Telegram’dagi kanalida xabar berdi. Qayd etilishicha, u viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi huzuridagi COVID-19 koronavirusga qarshi kurash muvofiqlashtiruvchi shtabi rahbari bo‘lgan.
Sherali Nurmatov 1959 yilda Nishon tumanida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo meditsina pediatriya institutida tahsil olgan. Qarshi shahridagi 1-son bolalar poliklinikasida shifokor, Nishon tumani markaziy shifoxonasi uchastka pediatri, Qarshi shahridagi 2-son bolalar poliklinikasida vrach-pediatr, bosh vrach muovini, Qarshi shahar sog‘liqni saqlash bo‘limi bosh pediatri, bosh vrach muovini, Qarshi shahar markaziy shifoxonasi bosh vrachi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, viloyat qon xizmati boshlig‘i lavozimlarida mehnat qildi. 2017 yildan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlab kelayotgan edi.
“Keyingi yillarda Sherali Nurmatov rahbarligida viloyatda onalik va bolalikni muhofazalash borasida bir qator yutuqlarga erishildi. Xususan, go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi 1000 tug‘ilishga nisbatan 2017 yilda 8,5 promilleni tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda 7,8, 2019 yilda esa 6,5 promillegacha kamaydi. Onalar o‘limi esa har 100 000 tug‘ilishga nisbatan 2017 yilda 28,0 , 2018 yilda 19,7, 2019 yilda 16,9 promilleni tashkil etdi.
Viloyatning barcha shahar va tumanlarida “Ona va bola” skrining markazlari, ko‘p tarmoqli markaziy poliknikalarda ayollar maslahatgohlari va qizlar salomatlik markazlarining tashkil etilishida Sherali Nurmatov alohida jonbozlik va tashabbuskorlik ko‘rsatdi. Shuningdek, uning tashabbusi bilan Kitob tumani va Qarshi shahri ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida viloyatda ilk marotaba “Elektron poliklinika” tizimi namunaviy tarzda yo‘lga qo‘yildi”, deyiladi boshqarma xabarida.
Xabarda 61 yashar Sherali Nurmatovning vafotiga nima sabab bo‘lgani aytilmagan.
QALAMPIR.UZ tahririyati marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15