Qashqadaryo ruhiy kasalliklar dispanserida noqonuniy ishlar bo‘layotgani aytilmoqda
Jamiyat
−
05 Oktabr 2021
11557Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyat asab-ruhiy kasalliklari dispanserining bir guruh tibbiyot xodimlari tomonidan mazkur shifoxonada qonunga zid ishlar bo‘layotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi Matbuot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Qarshi shahrida joylashgan viloyat 1-son asab-ruhiy kasalliklar dispanserining bir guruh tibbiyot xodimlari ijtimoiy tarmoqlar orqali Bosh prokuror nomiga murojaat bilan chiqqan.
Ular o‘z murojaatida mazkur shifoxonada ayrim qonunga zid ishlar bo‘layotgani haqida ma’lum qilgan. Jumladan, dispanserda bir shtatga 5-6 nafardan xodim to‘g‘ri kelsa-da, yana yangi xodimlar ishga olinayotgani, tashqi o‘rindosh xodimlar orasida “o‘lik jon”lar mavjudligi, vrach-stomatolog muassasaning tibbiy uskunalaridan foydalangan holda aholiga pullik xizmat ko‘rsatayotgani, dori-darmon va oziq-ovqat ta’minotida ham muammolar borligi aytilgan.
Qayd etilishicha, mazkur murojaat viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan va holat bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
“Mazkur murojaat boshqarmamiz tomonidan tegishli tartibda nazoratga olindi. Bu borada mutasaddi idoralar hamkorligida o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish yakuni bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilinadi”, deyiladi munosabatda.
LiveBarchasi