Qarshida yo‘lni to‘sib qo‘ygan haydovchilar qamaldi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida xavfsizlik kamariga yozilgan jarimalar sabab yo‘lni to‘sib qo‘ygan haydovchilarning 3 nafari qamaldi, 12 nafari esa ogohlantirildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ma’lum qildi.

Gap shundaki, joriy yilning 26 may kuni Qarshi shahridagi Transport kolleji ro‘parasida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi taksi haydovchilari norozilik bildirib, xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan sodir etgan qoidabuzarliklarini bekor qilishni so‘rab, mas’ullarga murojaat bilan chiqqan.

Mazkur voqeadan so‘ng, holatga oydinlik kiritish maqsadida Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Aniqlanishicha, voqeaga Qarshi shahrida yashovchi, xususiy korxonada ro‘yxatdan o‘tib, kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi 3 nafar fuqaro boshchilik qilgan. Holat yuzasidan ma’muriy ish hujjatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga yuborilgan. 

“Sud ma’muriy ish materiallarini ko‘rib chiqib, qoidabuzarlarni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 201-moddasi 1-qismi (jamoat tartibini buzish huquqbuzarligi)ni sodir etganlikda aybdor deb topdi va uch nafar haydovchining har biriga o‘n sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinladi”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, jamoat tartibini buzish voqeasida qatnashgan 12 nafar haydovchi ham ogohlantirilgan.

Viloyat IIB haydovchilar va fuqarolarga qonunlarni bilmaslik javobgarlikdan ozod etmasligini eslatib, ulardan yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1 mayidan boshlab yangilangan Yo‘l harakati qoidalari kuchga kirdi. Unga ko‘ra, endilikda taksi haydovchilari xavfsizlik kamarini taqishlari shart. Shuningdek, avtomobillarning old o‘rindiqlardagi yo‘lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqishlari kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

263

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing