Qarshida mudhish YTH! 5 kishi qurbon bo‘ldi
Jamiyat
−
25 Sentabr 2019
8081Bugun, 25 sentyabr kuni tongda Qashqadaryo viloyatida Damas rusumli ikki avtotransport vositasining to‘qnashuvi natijasida mudhish yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Avtohalokat oqibatida jabrlangan va qurbon bo‘lganlar bor.
Hodisa ertalabki soat 08:00 lar atrofida Qarshi tumanidagi Xonabod qishlog‘idan chiquvchi ikkinchi darajali yo‘lning “Qarshi – Shahrisabz” yo‘liga tutash qismida yuz bergan. Viloyat yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, hodisa Qarshi tumani Xonobod qishlog‘ida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan Q.A. boshqaruvidagi Damas “Xonobod – Qarshi” yo‘nalishida harakatlanib borayotganda qarama-qarshi tomondan kelayotgan fuqaro E.H. boshqaruvidagi Damas bilan katta tezlikda to‘qnashishi oqibatida sodir bo‘lgan. To‘qnashuv natijasida kuchli yong‘in kelib chiqqan. Bu haqda O‘zA yozmoqda.
“Ushbu yo‘l transport hodisasi “Damas” haydovchilarning ehtiyotsizligi va tezlikni me’yoridan oshirib yuborgani oqibatida yuzaga kelgan. Eng achinarlisi ushbu mudhish hodisa oqibati 5 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumdi. 4 nafar fuqaro omon qolgan. Hozirda mazkur holat bo‘yicha jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov boshqarmasi boshlig‘i Alisher Jo‘rayev.