Qarshida Gulnora Karimova uchun qurilgan Forumlar saroyi mehmonxonaga aylantirilmoqda

Jamiyat 45714
image

Qarshi shahridagi Nasaf ko‘chasida bundan bir necha yil ilgari qad rostlab, qurilishi tugallanmay qolgan bino sotuvga qo‘yildi. Ushbu inshoot ko‘p yillardan buyon O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova uchun qurilgan Forumlar saroyi ekani aytib kelinadi. 

“Qashqadaryo” gazetasining yozishicha, ushbu binoni "Tong suv qurilish" MCHJ auksion savdosi orqali sotib olgan. Ayni vaqtda ushbu bino to‘rt yulduzli mehmonxonaga aylantirilishi kutilmoqda. 

“Mehmonxona 140 o‘ringa mo‘ljallanadi. Qurilish-jihozlash ishlari uchun 3 milliard so‘m o‘z mablag‘imiz, 7 milliard so‘m bank krediti yo‘naltirishni maqsad qilganmiz. Hozirgacha o‘z hisobimizdan 5 milliard so‘m sarmoya kiritdik. Qo‘shimcha xonalar qurildi, tom qismi yopildi, binoning avvalgi ko‘rinishiga ancha o‘zgarish kiritildi. Qurilish materiallari, jihozlar olib kelish bo‘yicha Xitoy bilan shartnoma qilganmiz. Mehmonxonani 2021 yil oxirigacha foydalanishga topshirish maqsad qilingan”, deydi jamiyat rahbari Poyon Jo‘rayev.

Aytishlaricha, boshda binoni yanada balandroq qilib, o‘rinlar sonini oshirish ko‘zlangan, biroq avvalgi loyiha 4 qavatga mo‘ljallab tuzilgani sabab tavakkal qilinmagan, qo‘shimcha qavatlardan voz kechilgan.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Gulnora Karimova Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli jazoni o‘tash Koloniyasida saqlanmoqda. U koloniyaga 2019 yilning 14 mart kuni olib kelingan va 7-otryadning 2-sektoriga (umumiy rejimdagi) joylashtirilgan.

Joriy yilning 18 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida Gulnora Karimova va u tomonidan tashkil etilgan jinoiy uyushma a’zolariga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi. 

O‘tkazilgan yopiq sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar, jabrlanuvchilar ko‘rsatmalari tinglandi, dalillar tekshirildi va sudlanuvchilar himoyachilarining vajlari muhokama qilindi.

Sud jinoyat ishi materiallarini har tomonlama va to‘liq o‘rganib, sudlanuvchi Gulnora Karimovani jinoiy uyushma tashkil etish, tovlamachilik, o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va boshqa jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topdi.

Sud hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jinoyat qonunchiligi normalariga muvofiq hamda bir necha jinoyat va hukmlar majmui bo‘yicha jazo tayinlanganligini inobatga olgan holda jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilandi.

Qolgan sudlanuvchilarga ham sodir etilgan jinoyatlarning og‘irlilik va ijtimoiy xavflilik darajasi hamda ularning jinoyatlardagi ishtirokidan kelib chiqib, tegishli jazolar tayinlandi.

Xususan, sud hukmiga ko‘ra, N. Sodikovga 20 yil, O. Sviridovga 17 yil 3 oy, A. Ergashevga 18 yil 1 oy, Sh. Sabirovga 17 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, G. Avakyanga 3 yil sinov muddati bilan 5 yil 3 oy 21 kun shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

J. Abduraxmanov va B. Teshabayev esa javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan jinoyat uchun javobgarlikdan ozod qilindilar.

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 978
Reyting: 3
t
×