Qarshi tumani sobiq hokimining qamoqqa olingani rad etildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi tumanining sobiq hokimi Maqsuda Mustafoyeva byudjet mablag‘larini o‘zlashtirishda ayblanib, qamoqqa olingani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati prokuraturasi matbuot xizmati izoh berdi.

Qayd etilishicha, Qarshi tumani prokuraturasi tomonidan 4 milliard 198 million so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari talon-toroj qilingani holati bo‘yicha Qarshi tuman hokimi sobiq o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya bo‘limlari boshliqlari jami 3 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 167 va 209-moddalari bilan ayblanib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha Qarshi tumanining sobiq hokimi Maqsuda Mustafoyeva ayblanuvchi sifatida jalb qilinmagan.

“Ayrim shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda sobiq hokim jinoiy ish doirasida aybdor deb topilib, qamoqqa olingani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmoqda. Shunga ko‘ra, aholi orasida yolg‘on va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish tegishli javobgarlikni keltirib chiqarishi haqida ogohlantiramiz”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Maqsuda Mustafoyeva 2020 yil mart oyida Qarshi tumani hokimi etib tayinlanib, 2022 yil 6 fevral kuni ishdan bo‘shatilgan.

2021 yilda ya’ni Qarshi tumani hokimi sifatida ishlagan davrida Qashqadaryo viloyati hokimining qarori bilan Maqsuda Mustafoyeva hayfsan intizomiy jazosini olgan.

Uning jazolanishiga uchta xatosi sabab bo‘lgan:

● Prezident qabulxonasi va Virtual qabulxonalarga Qarshi tumani aholisidan kelib tushgan murojaatlar 2020 yilning mos davriga nisbatan 67 foizga ko‘paygani; 

● 18 ta saylov uchastkasi mutlaqo talabga javob bermayotgani; 

● hokim va sektor rahbarlari joyiga chiqib, og‘ir hududdagi uchastkalar bilan qiziqmagani, u yerga umuman bormagani, ishlarni tashkil etishda befarq bo‘lgani.
 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

139

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing