Qarish jarayonini sekinlashtirish uchun qanday ovqatlanish kerak?
Salomatlik
−
08 Oktabr
15697Ovqatlanish ratsionini tuzishga jiddiy e’tibor berish orqali qarilik va u bilan bog‘liq noxush oqibatlarni, masalan, ajin tushishini ancha kechiktirish mumkin. Bunda nafaqat mahsulotlar tanlovi, balki ularni qanday tanovul qilishni ham bilish muhim. Sog‘liqni saqlash vazirligi qarishni sekinlashtirish uchun ovqatlanishning asosiy qoidalarini ma’lum qildi.
Tabiiy va haqiqiy mahsulotlarni tanlash
Avvalo, ishlab chiqarish jarayonida vitamin va ozuqa moddalarining ko‘p qismi olib tashlangan, ammo toksinlar va yashirin shakar bilan to‘ldirilgan qayta ishlangan mahsulotlardan saqlanish zarur. Yarim tayyor mahsulotlar o‘rniga qoramol, baliq, parranda go‘shti, sabzavot, meva va yong‘oqlarni sotib olgan ma’qul.
Taomni kamroq, ammo sekin tanovul qilish
Kaloriyalarni cheklash hayotni uzaytirishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Sekin ovqatlanish ozuqa moddalarining yaxshiroq so‘rilishiga va yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradi, shuningdek, immunitetni himoya qilish uchun juda muhim bo‘lgan ichak florasi muvozanatini ham ta’minlaydi.
Meva-sabzavotlar sog‘lom ovqatlanishning asosidir
Ular tanaga qarishning ba’zi ta’siriga qarshi kurashadigan prebiotik va antioksidantlarni yetkazib beradi. Garchi ko‘pchilik meva-sabzavotlarning afzalliklari haqida yaxshi bilsa-da, odatda dasturxonda bunday ne’matlar yetarli bo‘lmaydi. Ularning o‘rniga ko‘proq stolda go‘sht yoki qayta ishlangan mahsulotlar turadi.
Ratsionda ko‘kat va ziravorlar ham bo‘lishi
Xushbo‘y ziravorlar antioksidant, ovqat hazm qilish, dezinfeksiyalash, glikatsiya hamda yallig‘lanishga qarshi kurashish va boshqa foydali xususiyatlarga ega. Ayniqsa zarchava (kurkuma), dolchin, rayhon, zanjabil, sarimsoq, bibariya (rozmarin), kashnich, kardaman, zira va xantal foydali. Ular nafaqat taomnomani xilma-xil qiladi, balki yoshlikni saqlashga yordam beradi.
Qoramol, baliq va parranda go‘shtini kamroq, lekin sifatlisini tanovul qilish
Mustahkam salomatlik va tetiklik uchun har kilogramm vaznga atigi 0,8-1 gramm hayvon oqsili kerak. Umuman olganda, bu kuniga bir marta qoramol, baliq yoki parranda go‘shti yeyish degani. Asosiysi – tarkibida gormonlar va antibiotiklar bo‘lmagan sifatli mahsulotlarni topa olish. Qarishga qarshi parhezning asosiy ulushini o‘simlik mahsulotlari (sabzavotlar, donlar, yong‘oqlar) tashkil qilishi muhim, ularda ham oqsil mavjud.
Yosh ko‘rinish va o‘zini ancha baquvvat his qilish uchun nafaqat taomnomani muvozanatlash, balki uyqu rejimini tartibga keltirish, shuningdek, muntazam jismoniy faollikni ham odat qilish zarur. Aks holda, hech qanday “yoshlik eleksiri” ish bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq inson salomatligiga ta’sir qilib, organizmning qarish jarayonlarini tezlashtiradigan mahsulotlar haqida ma’lumot berilgandi.