Qanqa yodgorligida VII-VIII asrlarga oid inshoot qoldiqlari topildi
Jamiyat
−
28 Oktabr 2022 5526 1 daqiqa
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markazi Qanqa kompleks ekspeditsiyasining 2022 yilda Toshkent vohasining Qanqa yodgorligida olib borgan arxeologik izlanishlari davomida vohaning o‘rta asrlar tarixiga oid yangi ma’lumotlari qo‘lga kiritildi. Bu haqda Akademiya Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ekspeditsiya davomida XI-XII asrlar bilan davrlashtirilgan uzunligi 12 metr, kengligi 6,30 m bo‘lgan katta zal ochilgan. Zalning kirish qismi poli pishiq g‘ishtlar bilan terilgan bo‘lib, yon devorlari qalinligi 1,30 m kenglikda ekanligi uning mahobatli inshoot ekanidan dalolat bergan.
Shuningdek, zalning janubiy-g‘arbiy burchagidagi yon devorlarida ham pishiq g‘isht bilan qoplangan maxsus joy qilingan bo‘lib, kuchli olov oqibatida kuyganligi bu yerda yog‘ochdan ishlangan peshtoq ham mavjud bo‘lganidan dalolat beradi. Mazkur joyda yong‘in natijasida peshtoqdan qulab tushgan yirik yog‘och qoldiqlari olinib, ularning saqlanganlari sinchiklab o‘rganilgan. Natijada, yuza qismlari o‘yma naqshlar bilan bezatilgani aniqlangan.
Bundan tashqari, qazuv ishlari davomida O‘rta asr qatlamlari ostida ilk o‘rta asrlarga oid bo‘lgan yana bir yirik inshoot qoldiqlari ochilgan. Ushbu inshoot Qanqa yodgorligining Ilk o‘rta asrlarga tegishli ibodatxonasi sharqiy tarafida joylashgan. Shu sababli ushbu yirik qurilish qoldiqlari ibodatxona bilan bevosita bog‘liq deya xulosa qilish mumkin.
Live
Barchasi