“Qanqa shahristoni” yodgorligiga 14 mlrd so‘mlik zarar yetkazildi
3-sahifa
−
21 noyabr 2023
4508Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi “Qanqa” arxeologiya yodgorligi hududi o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirib olingani, xususan, uy-joylar qurilishi, bog‘ va ekin ekish maydonlari tashkil etilgani keskin tanqid qilinib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi munosabat bildirdi.
Mazkur holatni o‘rganish jarayonida haqiqatda ayrim fuqarolar tomonidan yodgorlik hududiga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.
Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatida “Qanqa shahristoni” 320-raqam bilan moddiy madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olingan. Ob’ekt davri miloddan avvalgi III asr — milodning XII asriga taalluqli bo‘lib, u davlat mulki sifatida Toshkent viloyati madaniyat boshqarmasiga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, ushbu yodgorlik Toshkentning eng qadimgi poytaxt shahri bo‘lib, Markaziy Osiyo xalqlari tarixida muhim o‘rin tutadi. Yodgorlikdagi o‘rta asrlarga oid karvonsaroy mintaqa hududidagi shahar shahristonida joylashgan yagona karvonsaroydir.UNESCO'ning rasmiy sahifasida va Wikipedia umumjahon ensiklopediyasida yodgorlik hududi 160 gektar deb qayd etilgan.
Xususan, 1977 yilda qazuv ishlari natijasida ochilgan va keyinchalik sobiq ittifoq davrida “kolxoz”ga berib yuborilgan shaharning mudofaa devori ichidagi uchinchi shahriston hududi hanuzgacha qaytarib olinmagan. Hududdagi maydonlar sug‘orilishi oqibatida yodgorlikning qolgan qismiga jiddiy zarar yetkazilgan. Jumladan, madaniy qatlam buzilib, qadimiy me’moriy inshootlar, devordagi rasmlar va boshqa noyob topilmalar yemirilgan.
Shuningdek, uchinchi shahristonning janubi-g‘arbiy qismini o‘ragan mudofaa devorini ichki va ustki qismi mahalliy fermer tomonidan egallanib, bu joyda ayrim fuqarolar uy-joy qurib olgan. Yodgorlikning janubiy qismidagi mudofaa devori ichki qismida qariyb bir gektar maydon ham egallab olinib, turarjoy qurilgan. Yodgorlikning janubi-sharqiy tomonidagi mudofaa devorining ichki qismidagi maydon ekinzorga hamda mahalliy aholi va tashkilotlar tomonidan chiqindilar maydoniga aylantirilgan.
“Sohaga mas’ul idoralarning befarqligi sababli ob’ektning turistlar tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan g‘arbiy va janubiy tomonidagi yo‘llarning yodgorlikka kirish qismi ham afsuski, chiqindixona vazifasini o‘tab kelmoqda”, deyiladi munosabatda.
Yodgorlikning kadastr hujjatiga ko‘ra, uning umumiy yer maydoni 104,99 gektarni tashkil etadi. Hozirda uning 0.50 gektariga fuqaro A.B., 0.79 gektariga fuqaro T.B. qishloq xo‘jalik ekinlari (makkajo‘xori) ekib, o‘zboshimchalik bilan ushbu yer maydonidan noqonuniy tarzda foydalanib kelmoqda.
Bundan tashqari, sohaga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarning bir qator talablariga zid ravishda Oqqo‘rg‘on tuman hokimining 2016 yil 8 iyundagi 566-sonli qarori bilan fuqaro A.P.ga turarjoy bino-inshootlari va ular bilan band bo‘lgan yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi bilan yodgorlik hududidan 0.56 gektar yer maydoni ajratilgan. Ushbu maydonning 140.4 kv metr qismiga 3 ta yashash uyi, 2 ta kirish xonasi, qurilishi tugallanmagan bino va bostirma qurilgan hamda bir qismiga bog‘ tashkil qilingan.
O‘rganish jarayonida viloyat Madaniy meros boshqarmasi xodimlari tomonidan A.B, T.B. va A.P.ga moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektiga yetkazgan moddiy zarar bo‘yicha tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektiga A.P. tomonidan 10 mlrd 367 mln 448,3 ming so‘m, A.B. tomonidan 2 mlrd 423 mln 520,0 ming so‘m, T.B. 1 mlrd 093 mln 950,0 ming so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
Hozirda viloyat prokuraturasi tomonidan aybdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 132-moddasi tegishli bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi