Qani niqob, qani masofa, qani karantinga rioya qilish? IIB xodimlari tartibni buzishi mumkinmi?
Jamiyat
−
22 aprel 2020
30241Bugun O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi nashri bo‘lgan postda.uz saytida Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi Tojik qishlog‘ida yashovchi O‘rinboy ota Sharipov bu yil 98 bahorni qarshi olgani haqidagi xabar berildi. Biroq fursat o‘tib, ushbu xabar izohlarsiz saytdan olib tashlandi.
Xabarda otaxon Ikkinchi jahon urushida qatnashib, urushdan qaytgach, ichki ishlar organlariga ishga kirgani va uzoq vaqt Qo‘qon shahrida profilaktika inspektori vazifasida ishlab, shaharda jinoyatlik va huquqbuzarliklarning oldini olish va fosh etishda alohida o‘rnak ko‘rsatgani aytilgandi.
Xabarda otaxonni yo‘qlash uchun Uchko‘prik tuman IIB boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Ashurov mudofaa ishlari bo‘limi vakillari hamda yoshlar bilan birgalikda borgani aytilgan.
“Bir necha kun avval tuman tibbiyot birlashmasining eng malakali shifokorlarini jalb etgan holda, otaxonni o‘z uyida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan nuroniylarimizga har qancha ehtirom ko‘rsatsak, shuncha oz”, deydi tuman IIB boshlig‘ining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, kapitan Ma’rufjon Turg‘unov.
Ayni vaqtda Respublikada karantin tartiblari davom etmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qanchadan-qancha fuqaro karantin talablarini bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilganini ko‘rib, bilib turibmiz. Kimlargadir jarima, kimlargadir 15 sutkalik qamoq berilyapti. Biroq huquqni muhofaza qilishi, fuqarolarga o‘zi o‘rnak bo‘lishi kerak bo‘lgan organ xodimlarining o‘zi ushbu talablarni bajarmasa-chi? Dodingni kimga aytasan?
Maqolada berilgan suratlarga diqqatingizni qaratsangiz, na yuzga niqob taqilgani, na 3 kishidan ortiq fuqaroning bir joyga to‘planiga oid taqiqqa amal qilingani va na oraliq masofa saqlanganini ko‘rasiz. Koronavirus xavfi sabab keksalarning uydan chiqishi, begona shaxslardan masofada tutilishi belgilangan. Biroq rasmda bu holatga ham IIB vakillari amal qilmaganini ko‘rishingiz mumkin. Shuningdek, ayni vaqtda maktab yoshidagi yoshlarning ham bu holatga jalb qilingani vaziyatni anchayin jiddiylashtiradi.
Bu bilan ular qilgan ishni qoralashdan yiroqmiz. Ammo qonun hamma uchun birdek bo‘lishi kerak. Unga hamma amal qilishi shart.
Ichki ishlar xodimlari karantin qoidalariga amal qilmaydimi? Yoki qonunlar faqat oddiy odamlar uchunmi? Karantin qoidalarini buzgan IIB xodimlariga chora ko‘riladimi? Postda.uz saytidan maqolaning olinishi ham gapimizning isboti bo‘lsa kerak.
LiveBarchasi