Qanday hollarda QQSni hisobga olish mumkin emas?

Foydali

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 dekabrdagi PQ-4086-son qarorining 10-bandi bilan, 2019 yil 1 iyuldan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotib oluvchilar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanmaydigan yetkazib beruvchilardan olingan hisob-fakturalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega emasligi belgilandi.

Bunda, soliq to‘lovchilarning davlat soliq xizmati organlarida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida hisobga olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi rasmiy sayti orqali real vaqt rejimida aniqlanadi.

Soliq qonunchiligiga kiritilgan ushbu talabning mazmun va mohiyatini aniq bilib olish uchun quyidagi holatni ko‘rib chiqamiz.

Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lmagan “A” korxona tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan “B” korxonaga realizatsiya qilingan 100 mln so‘mlik tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun hisobvaraq-fakturada jami 120 mln so‘m, shundan 20 mln so‘mi QQS ekanligi ko‘rsatilgan. 

Sodir etilgan ana shunday holat bo‘yicha Soliq kodeksining 118-moddasiga muvofiq, “A” korxonaga nisbatan hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining 20 foizi, ya’ni 4 mln so‘m jarima qo‘llaniladi va “A” korxona tomonidan hisobvaraq-fakturada assosiz ko‘rsatilgan 20 mln so‘m QQS summasi bilan birga, jami 24 mln so‘mni byudjetga to‘lashi shart bo‘ladi. 

Chuningdek, joriy yil 1 iyuldan kiritilayotgan talabga muvofiq, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib oluvchi “B” korxonaga nisbatan jarima solish qo‘llanilmasada,  ushbu korxona qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha byudjet bilan qayta hisob-kitobni amalga oshirishi shart bo‘ladi. Ya’ni, korxona qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olish huquqiga ega emasligi sababli,  avval hisobga olgan 20 mln so‘mni qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini byudjetga to‘lab berishga majbur bo‘ladi. 

Soliq to‘lovchilarning ana shunday noqulay ahvolga tushib qolmasliklarini ta’minlash hamda soliq munosabatlarida bo‘ladigan biznes hamkorlarni, boshqacha qilib aytganda o‘z kontragentlarining:

  • davlat soliq hizmati organlarida QQS to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tganligi;
  • biznesda tutgan o‘rni;
  • moliyaviy holati;
  • ishlab chiqarish bazasi hamda malakali ishchilarining mavjudligi kabi jihatlarini oldindan o‘rganish orqali majburiy extiyotkorlik choralarini qo‘llash tavsiya etiladi.

Buning uchun Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb saytiga kirilib, “QQS to‘lovchilarni aniqlash” tugmasi bosiladi.

Biznes hamkornining holatini aniqlash qulay bo‘lishi uchun uni viloyatlar, tumanlar, kesimida shuningdek, korxona nomi yoki STIR orqali izlash funksiyalarini amalga oshirish mumkin.

Bunda “Korxona nomi yoki STIRni kiritish” oynasiga izlanayotgan korxonaga tegishli bo‘lgan identifikatsiya raqamini kiritgan holda “izlash” tugmasi bosilsa bas, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan korxona bo‘yicha Sizni qiziqtirgan barcha ruxsat etilgan ma’lumotlar bilan tanishish imkoni mavjud. Jumladan:

  • QQS to‘lovchisi bo‘lgan korxonaning nomi;
  • ro‘yxatdan o‘tgan viloyat va tuman nomi;
  • soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sana;
  • QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning mavjudligi;
  • Oxirgi topshirilgan QQS hisoboti (qayta hisoboti) sanasi;
  • Oxirgi hisobot bo‘yicha hisoblangan QQS summasi;
  • QQS bo‘yicha oxirgi marotaba amalga oshirilgan to‘lov.

Davlat soliq ko‘mitasi tomonidan ko‘rsatalayotgan ushbu xizmat,  Sizning kontragentingiz qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi hisoblanishi yoki hisoblanmasligini aniqlash hamda qoidabuzarlikning sodir etilishi xavfini oldini olish imkoniyatini beradi.


Maqola muallifi

Teglar

soliq QQS Soliq qo'mitasi

Baholaganlar

14

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing