“Qanaka ahamiyati bor?” Alisher Qodirov Toshkentdagi tarixiy binoni saqlashga e’tiroz bildirdi (video)

Jamiyat

image

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov Bobur ko‘chasi, 7-uydagi binoning madaniy meros ob’ekti sifatida muhofaza qilinishiga qarshi fikr bildirdi. Bu haqda kecha, 15 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida gapirdi.

Qodirov Toshkent shahrining markazida eski binoni madaniy meros ob’ekti sifatida saqlab qolish uchun sudlashuvlar va nizolar davom etayotganini tanqid qilgan. Deputat mazkur bino rus rassomining uyi ekani, uning O‘zbekiston uchun qanday tarixiy yoki madaniy ahamiyatga ega ekanini savol ostiga qo‘ygan.

“Madaniy meros sifatida uning bizga qanaqa qadriyati bor? Qanaka ahamiyati bor? Shohi-Zindaning oldida mingdan biriga to‘g‘ri keladimi? Qaysi rassom bo‘lishidan qat’i nazar”, degan Qodirov.

U, shuningdek, Madaniy meros agentligi asosiy e’tiborini milliy madaniyatni asrashga qaratishi kerakligini aytgan.

“Agentlik umuminsoniy qadriyatlar agentligi emas, milliy madaniyatimizning agentligi. Agentlik birinchi o‘rinda milliy madaniyatimizga diqqatini, e’tiborini qaratishi kerak”, degan u.

Deputatning fikricha, davlat byudjetidan madaniy meros sohasiga mablag‘ ajratishda milliy madaniyatni himoya qilishga ustuvor e’tibor berilishi kerak.

Shundan so‘ng, bugun, 16 sentyabr kuni Madaniy meros agentligi Qodirovning fikrlariga rasmiy munosabat bildirdi.

Agentlikka ko‘ra, madaniy meros ob’ektlariga “bugun bizga kerakmi yoki kerak emasmi?” degan mezon bilan baho berilmaydi.

Qayd etilishicha, Bobur ko‘chasi, 7-uydagi bino 1935 yilda qurilgan. Ochiq tarixiy va ekspert materiallarida mazkur bino Toshkent shahrida faoliyat yuritgan taniqli me’mor Aleksey Viktorovich Shusev nomi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan.

Bundan tashqari, turli yillarda u yerda O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan olim va professorlar, jumladan, akademiklar Toshmuhammad Qori-Niyoziy, Vasiliy Shishkin, shuningdek, Rahim Atajonov va Natan Mallayev kabi mutaxassislar yashagan.

Agentlik binoning tarixi faqat uning me’mori bilan cheklanmasligini bildirgan. Unga ko‘ra, bino XX asrda Toshkent shahrida me’morlik, ilm-fan va shahar madaniyatining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, uning me’moriy yechimi ham shaharning tarixiy muhiti shakllanishi nuqtai nazaridan qiziqish uyg‘otadi.

Ob’ektning huquqiy maqomiga ham izoh berilgan. 2020 yilda Agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan binoni Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari Milliy ro‘yxatiga kiritish masalasi ma’qullangan. 2021 yilda esa ob’ektni Milliy ro‘yxatdan chiqarish taklifi rad etilgan.

Bugungi kunda bino moddiy madaniy meros ob’ekti sifatida davlat muhofazasida turibdi.

Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 30 oktyabrdagi 1550-son qarori bilan “UNIVERSAL PACKING MASTERS” MCHJga mazkur manzildagi mavjud turar va noturar binolarni buzish hamda hududda ko‘p qavatli turar joy binosi qurish uchun yer maydoni ajratilgan.

Agentlik o‘rganishlari davomida mazkur qaror binoning moddiy madaniy meros ob’ekti sifatidagi huquqiy maqomi belgilanishidan oldin qabul qilingani aniqlangan.

Agentlik, shuningdek, bunday masalalarni milliy qarama-qarshilik maydoniga olib chiqish jamiyatda ijtimoiy taranglikni yuzaga keltirishi mumkinligini bildirgan.

“Madaniy meros – umumiy tariximizning bir qismi. U bir millatga tegishli emas va u bilan bog‘liq insonning kelib chiqishi tufayli ‘begona’ bo‘lib qolmaydi”, deyiladi munosabatda.

Agentlikning qayd etishicha, tarixiy va madaniy ob’ektlarning qiymati qonun hamda professional ekspertiza asosida aniqlanishi, ularni saqlash masalasida esa ilmiy va huquqiy mezonlarga tayanish lozim.

“Madaniy merosning millati bo‘lmaydi. U – tarix. Tarix esa ‘o‘zimizniki’ va ‘begonadiki’ga bo‘linmaydi”, deyiladi Madaniy meros agentligi munosabatida.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing