Qamoqdagi Atamboyevning ahvoli og‘ir. Eks-prezident operatsiyaga muhtoj
Olam
−
07 iyun 2021
10292Panjara ortida o‘tirgan Qirg‘izistonning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevga to‘laqonli tibbiy muolajalar kerak: u infarkt oldi holatida va operatsiyaga muhtoj. Biroq 47-sonli axloq tuzatish koloniyasi devorlari ichida sobiq Prezidentni davolab bo‘lmaydi. Bu haqda Almazbek Atamboyevning advokati Zamir Jooshev mahalliy OAVga xabar berdi.
Advokatning aytishicha, 1 aprel kuni M. Mirrahimov nomidagi kardiologiya va terapiya milliy markazidan professor M. Beyshenqulov shikoyatlar va tekshiruvlar asosida quyidagi dastlabki tashxisni qo‘ygan:
• yurak tomirlari kasalligi;
• stenokardiya FK 2, ateroskleroz;
• koronar arteriyalar kalsinozi;
• ishemik kardiyomiyopatiya SNFK (NYHA);
• vaqtinchalik arterial gipotenziya;
• torakalgiya; vertebral arteriya sindromi.
“Shaxsiy suhbatda shifokor menga koronar arteriya kalsinozasi bemorning infarkt oldi holatidan dalolat berishini aytdi”, deydi advokat.
Jooshevga ko‘ra, hech narsa o‘zgarmagan, faqat Atamboyevning umurtqasida beshta yangi churra paydo bo‘lgan.
“Albatta, u [Atamboyev] kuzatuv ostida, ammo koloniya devorlari ichida o‘zgarish yo‘q. Atamboyev murakkab davolash va jarrohlik amaliyotiga muhtoj. Ular koloniyada buni ta’minlay olmaydi”, deydi advokat.
Jooshevning qo‘shimcha qilishicha, qariyb bir oy oldin tibbiy kengash Atamboyevning holati bo‘yicha xulosa berishi kerak bo‘lgan. Biroq haligacha biror-bir xulosa qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyun oyida Bishkek sudi Almazbek Atamboyevni 2013 yilda jinoyatchi Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilgani uchun 11 yil ikki oyga ozodlikdan mahrum qilgandi. Atamboyevning o‘zi ushbu ayblovlarni rad edib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Almazbek Atamboyev 2011-2017 yillarda Qirg‘izistonga prezidentlik qilgan.
LiveBarchasi