“Qamalib qolsam bir oyga bormay o‘lib ketsam kerak”, deb o‘ylardim — Said Abdulaziz Yusupov
Jamiyat
−
30 yanvar 2020
18034Taniqli jurnalist, O‘zbekiston Mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi sobiq direktori Said Abdulaziz Yusupov hibsga olingan edi. Jinoyat kodeksining 167, 168 va 28,211 moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblandi. 2019 yilda nisbatan unga nisbatan mahkama boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi muassisligidagi “Vaqt-Vremya” gazetasida Said Abdulaziz Yusupovning qamoqxona va “Sangorod”dagi o‘tgan hayoti, boshidan o‘tganlar va ichki kechinmalari haqidagi maqolasi e’lon qilindi. Unda shunday deyiladi:
YeRDAGI FARISHTALAR
Shok va hayrat
Inson ozodlik atalmish ne’mat qadrini uni yo‘qotganida teranroq his qiladi. Bu tushuncha ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm etilgan insonga yanada yaqinroq. O‘z jazo muddatini o‘tar ekan-u, ko‘p narsalarni anglaydi, butun hayotini taftish qiladi. Ota-onasi, ayoli, farzandlarining sog‘inchi tun-u kun tig‘ kabi yuragiga sanchiladi.
Taqdirdan qochib, qutulib bo‘lmasligi haqiqat. Qismatim ekan, men ham bugun mahkumman. Tan olib aytishim kerak-ki, ozodlikda mahkumlik hayoti haqida ko‘p eshitib, dahshatga tushardim. Ozodlikda ham sog‘lig‘im yomon bo‘lgani bois, “qamalib qolgudek bo‘lsam, bir oyga bormay o‘lib ketsam kerak” degan fikrga borardim.
Tergov, sud jarayonlaridan so‘ng “nihoyat” belgilangan jazo muddatimni o‘tash uchun koloniyaga kelganimda ozgina shok holatini boshimdan o‘tkazdim. Yomon xayolga bormang. Yaxshi ma’nodagi shok edi bu! Chunki jazoni ijro etish muassasasi xodimlarining “siz”lab murojaat etishgani, qo‘pollik qilmay, nafsoniyatga tegmay muomala qilishlari meni hayratlantirdi. Xayolimning qaysidir bir burchagida “kesatiq qilishmayaptimikin” degan o‘y ham o‘tdi, rosti. Meni haqiqatda yaxshi ma’noda shokka tushirgan narsa jazoni ijro etish muassasalaridagi tibbiyot xodimlari bo‘lishdi. Nega? Chunki u yerga kelganimning ikkinchi haftasi tobim qocha boshladi. O‘sha paytda mening tushuncham shunday edi: “tamom, kasal bo‘lding, hech kim tuzatmaydi, sen uchun jon kuydirmaydi”. Lekin jonim og‘rigach, shifokorni so‘radim. Hammasi shundan boshlandi. Avval biri kelib dori berib ketdi, keyin ikkinchisi kelib ahvolimni so‘radi. Kechga yaqin hamshira qon bosimimni o‘lchadi, yana dorilar berdi. Ertasiga shifokor to‘liq tekshiruvdan o‘tkazib, davolash uchun mahkumlar orasida “Sangorod” deya ataladigan hozirgi kunda 23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxonaga jo‘natishdi.
Bu yerda esa… Men hayrat ichida yashadim. Chunki koloniyada ham, bu “Sangorod” nomli kasalxonada ham meni shok va hayratga solgan yagona narsa bu — MUNOSABAT edi! Mahkumga insondek munosabat!
Siyosiy iroda ro‘yobi
23-son mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashtirilgan kasalxona — butun respublika bo‘ylab mahkumlar kelib davolanadigan MASKAN. Men bu yerda juda ko‘p mahkumlar bilan tanishdim, suhbatlashdim. Ularning orasida oilasi nochor ahvolda bo‘lganlari ham bor. So‘zlariga quloq solganimda, aksariyati uydan xat-xabar olganini, mahalliy hokimiyat va ichki ishlar tizimi xodimlaridan iborat mas’ullar oilasidan xabardor bo‘lib, moddiy yordam berishgani, kimningdir farzandini davolatgan bo‘lsa, yana kimningdir oila a’zolarini ish bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatishganini aytib, “Davlat biz mahkumlar oilalariga ham katta g‘amxo‘rlik qilmoqda, ular uchun tashvish tortishimizning oldini olmoqda, bu bilan bizga ham g‘amxo‘rlik qilmoqda”, “Prezidentimizga ming rahmat, davlat oila a’zolarimizdan xabar olayotgan ekan” kabi yuzlab samimiy e’tiroflarni eshitdim. Albatta, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarni chin dildan minnatdorchilik bilan e’tirof etayotganlar orasida gohida bitta, ikkita bu islohotlar mohiyatini to‘liq anglolmayotganlar, bilib-bilmasdan noshukurchilik qilib qo‘yadiganlar ham topiladi. Ammo shukr-ki, ular juda ozchilikni tashkil qiladi, mingtadan bitta.
Shunday bo‘lsa-da, muassasasining tarbiya masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlari tomonidan har hafta o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi, jamoat arboblari, diniy ulamolar, jamoatchilik vakillari taklif etilib, uchrashuvlar tashkil etilishi faqatgina jismoniy emas, balki ruhiy va aqliy sog‘lomlashish uchun ham sharoit yaratilganini ko‘rsatadi. Meni lol qoldirgan jihat ushbu jarayonlarda ko‘pchilik tasavvur qilganidek mahkum faqat indamay tinglab o‘tirishi emas, balki savol berib, o‘z fikrlarini bayon etishi ham mumkin ekan. Tushunyapsizmi, bu yerda mahkumlarning ya’ni bizning o‘z fikrimizni ochiq bayon etish huquqimiz amalda ta’minlangan, ta’minlanmoqda. Bu juda ham muhim! Ayniqsa, mamlakat siyosiy hayotidagi muhim voqelik 22 dekabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda mahkum ekanligimizga qaramasdan ovoz berish huquqi ta’minlangani shaxs sifatida (biz mahkum bo‘lsakda) shu jamiyatning, davlatning bir bo‘lagi ekanligimizni his etishimizga turtki bo‘ldi.
“Farishtalar shaharchasi”
Albatta, o‘quvchi uchun men “farishtalar” deya kimni ataganim qiziq. Men yerdagi farishtalar deya, tibbiyot xodimlari, shifokorlar-u hamshiralarni nazarda tutaman. Bu soha vakillarini ozodlikda ko‘p ko‘rganman, do‘st tutinganman. Ozodlikda doimo bir narsaning guvohi bo‘lardim: shifokor o‘z oldiga kelgan bemorga u kim bo‘lishidan qat’i nazar, o‘g‘rimi-to‘g‘rimi, kazzobmi-halolmi, boymi-kambag‘almi, farqi yo‘q, bir xil insoniy nazar, bemorga shafqat nazari bilan qarashadi. To‘g‘risini aytganda, meni bu muassasaga olib kelishganida forma kiygan shifokorlarni ko‘rib anchayin sovuq va qo‘pol muomala kutgan edim. Ammo birinchi kundan “Terapiya va Nevrologiya” bo‘limi rahbari va davolovchi shifokorlarning, ayniqsa, hamshiralar va o‘rta tibbiy xodimlarning yuksak intellekt va madaniyati, professional munosabatlarini ko‘rib haqiqiy ichki evrilishni boshimdan kechirdim va bo‘limda davolanayotgan boshqa mahkumlardan ham eshitdim.
23-son MMIKni, garchi tikanak simlar bilan o‘ralgan bo‘lsada, farishtalar ishlaydigan, mahkumlar shifo topadigan “Farishtalar shaharchasi” deb bildim.
Mazkur muassasa xodimlari mahkumlarni faqatgina dori-darmonlar bilangina emas, yuksak professional darajada psixologik yondoshuv asosidagi muomala madaniyati bilan ham davolashi meni hayratga soldi. Prezident islohotlarini to‘liq amaliyotga tatbiq etib, yangicha yondoshuvda ishni tashkil etayotgan mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxona jamoasiga va jazoni ijro etish bosh boshqarmasi rahbariyatiga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.
LiveBarchasi