Qamalib chiqib, tinchlikning qadrini bilgan “qahramon” deputatlikdan ketishga ariza berdi
Jamiyat
−
07 dekabr 2022
14527Ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalar markazida bo‘lib turgan Xalq deputatlari Yangi Namangan tumani Kengashi deputati Muzaffar Jamolitdinov deputatlik vakolatini muddatidan avval tugatish bo‘yicha ariza yozdi. Bu haqda uning o‘zi Facebook’dagi sahifasida post qoldirgan.
Jamolitdinovning ma’lum qilishicha, u gaz-“svet” muammosi haqida gapirganlarga qamoqxonadagi vaziyat eslatilgan postini kimgadir tahdid qilish uchun yozmagan. Aksincha, o‘zi boshidan o‘tkazgan voqealar, 10 oy qamoqda saqlanganini boshqalarga yetkazmoqchi bo‘lgan.
“Kuni kecha ushbu profil orqali men qo‘ygan post ijtimoiy tarmoqlarda keng tanqidiy muhokamalarga sabab bo‘ldi. Men tomonimdan qo‘yilgan ushbu postda gaz va elektr bilan bog‘liq tanqidiy materiallarni ijtimoiy tarmoqda tarqatmasdan qamoqda emasligiga shukr qilish kerakligi, tinchlik va xotirjamlikni qadriga yetishga oid matn joylangan edi.
To‘g‘ri, men fikrimni to‘liq va batafsil yoritmaganim natijasida post ijtimoiy tarmoqlarda boshqacha talqin etildi.
Post qo‘yilgach, turli guruhlarda chiqa boshlagan munosabatlardan so‘ng o‘zim qo‘ygan postni takror-takror o‘qib noto‘g‘ri joylanganimni angladim. Ya’ni, mendagi asl maqsad xalqni qamalishi bilan qo‘rqitish yoki taxdid qilish emas, balki tinchlik xotirjamlikni qadriga yetishga qaratilgan edi”, deydi deputat.
Shuningdek, u o‘zi yozgan postda aynan qamoq bilan bog‘liq xolatga to‘xtalganiga ham izoh bergan. Bundan 6 yil Jamolitdinov 10 oy qamoq ehtiyot chorasi bilan turmada saqlanganini ma’lum qilgan.
“Men 10 oy davomida kechirgan tashvishlarim shu darajada og‘ir bo‘lganidan hamda yana qaytadan tiklanish juda qiyin bo‘lganidan ayni kundagi elektr va gaz bilan bog‘liq muammolar o‘z nazarimda yengildek tuyuldi.
Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan kommunal muammolar bilan bog‘liq turli videolarni ko‘rib xayolimdan “bundan ham og‘ir tashvishlarda yurganlar bor” degan fikr bilan post joylagan edim.
Joylangan postni kimdir birinchi bo‘lib noto‘g‘ri talqin etgani natijasida ortidan barcha kanal va sahifalarda turli tanqidlar urchib bordi. Shu o‘rinda men joylagan postni taxdid deb qabul qilgan fuqarolardan to‘g‘ri qabul qilishlarini so‘rab uzur so‘rayman”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq deputat ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida gaz-"svet" yo‘qligidan noliyotganlarni surishtirib ko‘rish, ular qamalib chiqqan yo yo‘qligini aniqlash haqida yozib, tinchlikni qadriga yetishga undagandi.
LiveBarchasi