“Qalpoq” va “Sho‘rdanak” ijodkorlari “GAI” xodimlari haqidagi hajviyasi uchun kechirim so‘radi

Jamiyat

image

O‘zlarining turli mavzulardagi chiqishlari bilan o‘zbek xalqiga yaxshi tanish bo‘lgan “Qalpoq” va “Sho‘rdanak” hajviy ko‘rsatuvlari ijodkorlari Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari haqidagi hazillari uchun ichki ishlar xodimlaridan uzr so‘radi.

Xususan, “Qalpoq” ko‘rsatuvida spirtli ichimlik ichib, avtomobil haydagan haydovchi, katta jarimadan qochib, akasining ish formasini kiyib ko‘chaga chiqqan "YHXB xodimi"ga pora bergani ko‘rsatilgan.

“Qalpoq” hajviy ko‘rsatuvi aktyori Rahmonali Surobovning ta’kidlashicha, bu video bir yil avval suratga olingan va bu 30 daqiqalik ko‘rsatuv ichidagi bir parcha xolos. Aynan DAn xodimlari haqidagi latifa qismini shu ishdan manfaatdor kimsalar ijtimoiy tarmoqqa sizdirgan. Aktyor bu ishni ijodiy jamoa a’zolari qilmaganini ta’kidladi.

“GAI” va militsiya xodimlari ustidan bunday hazil qilishimiz noto‘g‘ri aslida. Hech qaysi “GAI” haydovchini to‘xtatib pora olmaydi. Haydovchilarning o‘zi “Otam kasal, enam o‘lib qoldi”, deb ularning rahmini keltirib, nimadirlar qiladi. “GAI”ning pul so‘rashi hayotda bo‘lmagan. Men birorta “GAI”ni yomon demayman”, deydi Rahmonali Surobov.

“Sho‘rdanak” hajviy ko‘rsatuvi ijodkorlari esa YHXB xodimlari haydovchidan pul undirishga uringanini ko‘rsatgan. Shuningdek, ko‘rsatuvda haydovchi o‘t o‘chirish moslamasi va dori qutisi sotib olmagani uchun tez yordam va o‘t o‘chirish mashinasi hamrohligida yurgani kulgu ostiga olingan.

“DAN xodimlari haqida biz avval ham yaxshi materiallar qilganmiz, biroq shu safar biroz xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘ydik. Bu ham qaysidir ma’noda shu kasb egalari haqida yetarlicha ma’lumotga ega emasligimiz pand berdi. Shu kasb egalarining qanaqa ekanligi yurtimiz boshiga kelgan sinovli kunlarda sezildi. Biz uyda issiq o‘rnimizda bola-chaqamiz bilan o‘tirganimizda, ular kechani kecha, kunduzni kunduz demay, tinim bilmay mehnat qilyapti, bizni o‘ylab uyda qolishimizni so‘rab, iltimos qilyapti, yalinyapti. O‘zim nomimdan va ijodiy guruh nomidan keyingi ishlarimizda nafaqat ichki ishlar, DAN xodimlari haqida, qaysiki soha bo‘lsa, hajviya tayyorlaydigan bo‘lsak, uning orqasida nima yotganini o‘ylab dastur qilamiz, deb va’da beraman. Xatoliklar uchun afsusdamiz, pushaymondamiz”, deydi “Sho‘rdanak” ko‘rsatuvi aktyori Erkin Cho‘liyev.

Ko‘rsatuvning boshqa bir aktyori Doniyor Hasanov ham ichki ishlar xodimlari haqida to‘liq tushunchaga emasligi pand berganini ta’kidlab o‘tgandi.

Bu holatni ko‘rib, kishi aytarga gap topolmaydi. Ijodkorlar ijodi uchun kechirim so‘rasa. Ijod erkinligi degan tushuncha aftidan ichki ishlar tizimiga yod va begona. “El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi” bu ayni haqiqat. “Qalpoq” va “Sho‘rdanak” ijodkorlarining kechirim so‘rab chiqqani bilan odamlarning uzoq yillar davomida "GAI" xodimlari haqida shakllangan tasavvurlari o‘zgarib qolmaydi. Aksincha, endi boshqa hajviy ko‘rsatuv va guruhlar ijodiga yangi g‘oyalar beradi, xolos.

Ko‘pchilik televizor va ijtimoiy tarmoqlarda boshqa davlatlardagi hajviy ko‘rsatuv ijodkorlari o‘sha mamlakatdagi vazirlar va boshqa yuqori martabali amaldorlarni u yoki bu sohaning ahvolini havj qilganini ko‘rgan. Nega ular o‘z ijodi uchun kechirim so‘ramagan ekan? Chunki aynan shu havjiy ko‘rsatuvlar tizim uchun oyna vazifasini o‘taydi. Ichki ishlar tizimidagi barcha birdek yomon deyish xato. Ammo ularning orasidagi nopok xodimlar borligini ham hech kim inkor qilmaydi. Shunday ekan, ijod ahlini o‘sha kamchiliklarni ko‘rsatgani uchun “uzr so‘ratish”dan ko‘ra, tizimdagi muammolarni tag tomiri bilan yo‘q qilish, davlat idorasining obro‘siga mos ish bo‘lardi, aftidan. Ammo bo‘lar ish bo‘ldi...

Shu o‘rinda xohlaymizmi-yo‘qmi yana o‘sha Yulduz Usmonova bilan bog‘liq mojaroni yodga olmay iloj yo‘q. O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova may oyi boshida Sardobadagi fojia jabrdiydalari uchun to‘plagan yordam yukini Sirdaryoga yetkazishda yordam bermagani uchun butun boshli ichki ishlar tizimi xodimlarini qattiq tanqid qilib, haqoratlagandi. Xonandaning videomurojaati ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida portlashga sabab bo‘lgandi.

“Aslo rozi emasman. Xalq eshitsin. Yurt-olam eshitsin. Militsiya absolyutno ne rabotayet. Hozir Karimov davrida yashamayapsizlar klizma olgani, shunchalik ham klizmaga o‘rganib qolasizlarmi?”, degandi Usmonova tizim xodimlaridan nafratlanib.

Madaniyat xodimining ijtimoiy tarmoqdagi jonli efirda ichki ishlar xodimlariga qarata “Padarla’anati bo‘ldilaring bugun”, kabi so‘zlarni aytishi jamoatchilikning haqli e’tiroziga sabab bo‘ldgandi.

To‘g‘ri, Yulduz Usmonova o‘z aybini tan olib, ichki ishlar xodimlaridan bir emas, ikki marta kechirim so‘radi. Ammo IIVning xonandaga chora ko‘rilishi aytilgan keskin bayonoti quruq gap bo‘lib qoldi. Chunki na sud bo‘ldi, na Usmonova javobgarlikka tortildi. Hammasi unutildi. IIV o‘ziga qaratilgan haqoratga ko‘z yumdi...


Maqola muallifi

Teglar

Sho'rdanak Qalpoq

Baholaganlar

381

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing