Qalovini topayotganlar yoxud tamaki mahsulotining noqonuniy aylanmasi
Biznes
−
21 dekabr 2022
4864Sigaret, alkogol mahsulotlari – ularning inson salomatligiga qanday ta’sir qilishini eslatishning hojati yo‘q, bizningcha. Ammo bu mahsulotlarni yanada zararli qilishning imkoni bor – kontrabanda!
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga kontrabandali sigaretlarni olib kirish hajmi 2019- 2022 yillar mobaynida 4 %dan 15,3 %gacha o‘sgan. Bu esa xavfning qanchalik katta ekanligini anglatadi. Xo‘sh, mas’ullar bu xavfga qarshi qanchalik kurash olib boryapti?
Bosh prokuratura Axborot bo‘limi inspektori Dilrabo Kuryazovaning ma’lum qilishicha, kontrabanda va kontrafakt mahsulotlarining O‘zbekistonga kirib kelishida ishtirok etuvchi shaxslarga qattiq choralar ko‘riladi.
“Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan aynan iqtisodiy jinoyatlarga va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha birinchi navbatda tezkor-qidiruv faoliyat va tergovga qadar tekshiruv harakati olib boriladi. Iqtisodiy yo‘nalishda bugungacha sodir etilgan jinoyatlarning soniga, ularning tahliliga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, eng ko‘p yashirin iqtisodiyot bo‘yicha jinoyatlar sodir etiladi.
Alkogolli mahsulotlari, ularni noqonuniy ishlab chiqarish hamda muomalaga kiritish borasida jami 92 ta huquqbuzarlikka oid ishlar qo‘zg‘atilgan. Bulardan 52 tasi jinoiy ishlar va 40 tasi ma’muriy ishlar sanaladi.
Bugungi kungacha tamaki mahsulotlari kontrabandasiga oid jami 53 ta holat aniqlangan”, deydi u.
Agar mamlakat chegaralari mustahkam bo‘lsa, bojxonalarda yaxshi tekshiruv o‘tkazilsa, bunday mahsulotlar O‘zbekistonga kirib kelmaydi. Biroq, baribir yo‘lini topadiganlar bor.
“Respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yil boshidan shu bugungacha 16 300 dan ortiq bojxona qonunbuzilishi holatlari qayd etilib, natijada qiymati 829 mlrd so‘mdan oshiq bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar to‘xtatib qolingan. Shularning orasida 331 ta tamaki mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq holatlar aniqlangan. Natijada 1 mln 605 ming quti tamaki mahsulotlari noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan. Ularning qiymati salkam 20 mlrdga yaqinlashmoqda. Aniqroq qilib aytganda, bu qiymat 19,6 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda”, deya so‘nggi ma’lumotlar bilan bo‘lishdi QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev.
Gap shundaki, O‘zbekistonning umumiy chegarasi 6 221 kilometrni tashkil qiladi. Davlat chegaralari bo‘ylab joylashgan bojxonalar soni esa 50 dan ortiq. Shu sababli ustamon tadbirkorlar kontrabanda mahsulotlarni chegaraning bojxonalar mavjud bo‘lmagan hududlaridan olib o‘tishga urinishadi.
“Tamaki mahsulotlarini respublikamiz hududidan olib o‘tishga urinish holatlari asosan, Farg‘ona vodiysida kuzatilmoqda. Chunki Farg‘ona vodiysida chegaralarimiz murakkab joylashgan hududlar – chegaradosh mahalla va chegaradosh qishloqlar mavjud. Bundan tashqari, transchegaraviy soylar, kanal va anhorlar ham bor. Shunday holatlar bo‘ldiki, Farg‘ona vodiysidagi soylardan birida tamaki solingan polietilen paketlarni qattiq skotchlab, oqizib yuborish holatlari yoki chegaradagi simlarga tamaki mahsulotlari solingan qoplarni narigi tomondan ilib qo‘yib, bu tomondan olish holatlari ham aniqlangan. Eng yomoni, chegaradosh mahallalarda o‘zining uyidan ana shunday noqonuniy tovarlarni saqlash uchun joy beradiganlar ham borligidir”, deydi Tangriyev.
Bojxonada qo‘lga tushgan noqonuniy tovarlar esa yo‘q qilinadi. Masalan, Davlat soliq qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, sentyabr-oktyabr oylarining o‘zida umumiy qiymati 1,2 milliard so‘mdan ortiq bo‘lgan alkogol va tamaki mahsulotlari yo‘q qilingan.
Xususan, alkogolli ichimliklarni sotadigan 137 tadbirkorlik sub’ekti va noqonuniy savdo bilan shug‘ullanuvchi 350 fuqaroga nisbatan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijalariga ko‘ra, 752,6 million so‘m miqdoridagi 31,582 dona alkogolli ichimliklarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgan.
Shu jumladan belgilangan tartibda ushlangan:
• 74 ta holatda – 302,1 million so‘m miqdoridagi soxta aksiz markali 14,075 dona mahsulot;
• 14 holatda – aksiz markasiz 25,1 million so‘m miqdoridagi 853 dona mahsulot;
• 17 ta holatda – 138,2 million so‘mlik eski namunadagi aksiz markali 999 dona mahsulot;
• 12 holatda – raqamli markirovkasiz 21,2 million so‘mlik 900 dona mahsulot;
• 14 holatda – tegishli ruxsatnomasiz 8,8 million so‘m miqdoridagi 355 dona mahsulot aniqlanib, yo‘q qilingan.
Shuningdek, tamaki mahsulotlarini sotadigan tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarning faoliyatini tekshirish paytida 40,267 paket tamaki mahsulotlarining 497,6 million so‘mga teng tovarlarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi.
Bundan tashqari, belgilangan tartibda ushlangan 15 ta korxonada aksiz markasiz va raqamli yorliqsiz 101,6 million so‘m qiymatidagi 13 934 ta paket mavjud.
Tamaki va alkogol maxsulotlari, xoh u kontrabanda bo‘lsin, xoh kontrafakt, yoki barcha qonun talablariga mos bo‘lsin, baribir, tamaki va alkogol mahsulotlari zarardan boshqasiga yaramaydi. Shunday ekan bunday mahsulotlarning har qanday turidan voz kechganingiz ma’qul.
LiveBarchasi