Qalbaki tamaki mahsulotlaridan ehtiyot bo‘ling!

Biznes

image

2021 yilning yanvar oyidan dekabriga qadar O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi 4,3%dan 14,2%ga qadar o‘sib, bu miqdor raqamlarda 700 million donani tashkil etadi. Agar mazkur foizlarni pulga chaqilsa, noqonuniy tamaki mahsulotlari (sigaretalar) savdosi tufayli 2021 yilda davlat byudjetiga aksiz va QQSlar orqali keladigan 20 mln dollar tushmay qolgan. Sodda qilib aytganda, bu pullarga 80 ta bolalar bog‘chasi va 40 ta maktab qursa bo‘ladi. Noqonuniy mahsulotlar savdosi amalda 3 baravarga o‘sganini hisobga olsak, O‘zbekiston bu boradagi ko‘rsatkichlar 40-60%ni tashkil qiladigan qo‘shni davlatlar – Qirg‘iziston va Tojikistonni quvib o‘tishi ehtimoldan holi emas.

2021 yilning noyabr-dekabr oylarida mustaqil xalqaro tadqiqot kompaniyasi – “Kantar” tomonidan Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan statistik tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, vodiyda noqonuniy sigareta mahsulotlari muomalasi allaqachon 28%ga yetgan. Bunda Namangan – 43%, Qo‘qon – 34% va Farg‘ona – 25% va Andijon – 16% ko‘rsatkichni qayd etgan.

Ma’lumki, noqonuniy tamaki mahsulotlarini yetkazib berishning asosiy kanallari Qirg‘iziston va Tojikiston kabi qo‘shni davlatlardir (Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on va Uchqo‘rg‘on tumanlari, Farg‘ona viloyatining Yozyovon va Farg‘ona tumanlari orqali). Mamlakatga tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirishga urinish holatlari bojxona nazorati punktlari tashkil etilmagan chegara hududlarida sodir bo‘lmoqda.

Unutmang! Noqonuniy mahsulotlarni sotib olish orqali, siz uyushgan jinoyatchilikka pul berayotgan hisoblanasiz. Qo‘lga olingan holatlarda noqonuniy sigaretalar bilan bir qatorda, noqonuniy moddalar ham olib kelinayotgani aniqlanmoqda. Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 300 ming o‘zbekistonlik muntazam ravishda noqonuniy sigaretalar sotib olib, jinoyatchilikni moliyalashtirmoqda, O‘zbekiston bozoridagi noqonuniy sigaretalar aylanmasi, taxminan, 100 mln dollarni tashkil qiladi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, qalbaki tamaki mahsulotlarining aksariyati sifatiz, nikotin va qatron bo‘yicha belgilangan ko‘rsatkichlarga javob bermaydi va ko‘rsatkichlardan kamida ikki martaga oshib ketadi. Noqonuniy sigaretalar uchun ishlatiladigan xomashyo hamda materiallar sifat va xavfsizlik nazorati sinovlaridan o‘tkazilmaydi. Noqonuniy sigaretalar O‘zbekiston sifat standartlariga rioya qilmagan holda ishlab chiqarilmoqda. Qolaversa, qalbaki sigaretalarni xarid qilgandan keyin qandaydir muammolar aniqlansa, iste’molchi sotuvchilarni jazolay olmaydi, chunki noqonuniy mahsulotlarni xarid qilish orqali siz noqonuniy savdoga sherik bo‘libgina qolmay, balki o‘z iste’molchilik huquqlaringizni ham yo‘qotasiz. 

Yaqinda Samarqand shahrida aniqlangan holatni olaylik, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlarda Milano London (KSSS), Milano Paris, Milano Geneva, Milano Nyu-York, Milano Tech Lock White, Milano Tech Lock Black kabi filtrli sigaretalari qutisida (qadog‘i) ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagani, shu bilan birga ularda aksiz markasi ham mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Tutun kondensatidagi nikotin miqdori va sigaret tutunidagi nam va nikotinsiz quruq kondensat (smola-qatron)ni aniqlash uchun o‘tkazilgan sinov natijalari shuni ko‘rsatdiki, tamaki tutuni tarkibida inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan nikotin me’yordan bir necha baravar ko‘p chiqqan.

2022 yil boshidan buyon O‘zbekistonda bojxona xodimlari tomonidan tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirish bilan bog‘liq, umumiy qiymati 1 milliard 935 ming so‘m bo‘lgan, 77ta bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan.

2003 yilda noqonuniy sigaretalar oqimi 40-50%ga oshganida huquq-tartibot idoralari unga qarshi tura olgandi. Ular bugun ham yangi oqimni qaytara olishlariga umid qilamiz. Biroq birgina bojxonachilarning o‘ziga tashlab qo‘yish noto‘g‘ri. 2021 yilda bojxonachilar kontrafakt ortilgan har 10ta yuk mashinasini ushlashga muvaffaq bo‘lishdi (xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, bojxona organlari noqonuniy sigaretalar umumiy oqimining 2%dan 10%gacha bo‘lgan qismini qo‘lga olishi mumkin, qolganlari mamlakat ichkarisida ushlanishi kerak). 

Qonunbuzarlar uchun javobgarlikni ham kuchaytirish lozim. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksida ayni paytda noqonuniy tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish yoki sotganlik uchun jismoniy va yuridik shaxslarga belgilangan jarima miqdorlari juda past (fuqarolarga BHMning uch baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yetti baravaridan o‘n baravarigacha) bo‘lib, bunday jarimalardan hamma ham qo‘rqavermaydi. Kontrafakt mahsulotlar savdosidan keladigan daromad ularni bir necha marta to‘lash va yana xotirjam savdoni davom ettirish imkonini beradi. Bundan tashqari, jarima undirish unchalik ham oson ish emas. 

Shunday ekan, qalbaki mahsulotlardan ehtiyot bo‘lish juda muhim. Sigaretani sotib olayotganda e’tibor berishingiz kerak bo‘lgan birinchi jihat – raqamli belgilar mavjudligi. Bugungi kunda har bir qutida  sotish jarayonida skaner qilinadigan maxsus QR-kod mavjud. Mobil aloqa yordamida har qanday iste’molchi sotib olingan tamaki mahsulotlarining haqiqiyligini tekshirishi mumkin. Shundan keyingina aksiz markasi va davlat tilidagi ogohlantirish yorliqlari mavjudligini tekshirib ko‘rish tavsiya etiladi.

Shuningdek, tovarlarni sotib olishdan oldin yuqorida keltirilgan qalbakilashtirish belgilariga e’tibor berish kerak va ular aniqlangan taqdirda vakolatli nazorat organlariga yoki 1159 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, iste’molchilar soliq.uz ilovasi orqali savdo nuqtalarida noqonuniy savdo sodir etilganligi haqida ma’lum qilgan taqdirda “Soliq hamkori” dasturi bo‘yicha bitta arizadan kamida 500 ming so‘mgacha mukofot puli olishi mumkin.

Bog‘lanish uchun telefon: 1159


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

96

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing